Drop-test: Ekspertlar ommabop 12 smartfon orasidan eng «o‘lmas»ini aniqlashdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1608
  •  30.05.2018 11:58

Drop-test: Ekspertlar ommabop 12 smartfon orasidan eng «o‘lmas»ini aniqlashdi (+video)

Mustahkam himoyaga ega bo‘lgan – zarbalarga chidamli, suv tubida ham ishlayveradigan maxsus telefonlar ko‘p. Ammo, garchi turli standartlarga ko‘ra himoya sertifikatiga ega bo‘lsa-da, xalq orasida ommalashgan modellarning hammasi ham amalda ularchalik muhofazali emas.

O‘QING: Ulefone Armor Mini – quvvati 21 kunga yetuvchi, «o‘ldirib bo‘lmas» arzon telefon

Tom’s Guide nashri mutaxassislari AQShda eng ommalashgan 12 ta modeldagi smartfonning mustahkamligini amalda – maxsus sinovlar orqali sinab ko‘rishdi. Ya’ni, ular bu qurilmalarni avval turli balandlikdan tashlab, so‘ng esa suvga bo‘ktirib tekshirishdi.

Buni qarangki, boshqalariga nisbatan kamroq mashhur bo‘lgan Motorola Moto Z2 Force modelining korpusi eng yaxshi himoyalangan bo‘lib chiqdi! Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, u sinovda bir yarim metr balandlikdan tashlanganida shikastlanmagan yagona smartfon bo‘lgan. Ikki marta – yog‘ochga va betonga tashlab ko‘rilganida ham uning shisha korpusida birorta ham chatnash yoki darz ketish kuzatilmagan. Faqat korpusning yon qirralarida sal shikastlar sezilgan.

Keyin Motorola Moto Z2 Force’ni suv to‘ldirilgan unitazga tashlab, 5 daqiqa bo‘ktirib qo‘yishgan, shunda ham bu qurilma ish qobiliyatini yo‘qotmagan, ya’ni korpus ichiga suv kirmagan.

Mana, bu jarayonlarni «jonli» videoda ko‘ring:

Ekspertlarga ko‘ra, boshqa birorta ham ommabop smartfon bu sinovning so‘ngigacha yetib bormagan – ularning korpusi darz ketgani bois ichiga suv kirgan. Natijada bu gadjetlarning elektronika qismida qisqa tutashuv yuzaga kelgan va jiddiy shikastlangan, ayrimlari umuman ishdan chiqqan.

Darvoqe, Motorola Moto Z2 Force shunday «o‘lmas» smartfon bo‘lmasa ham insofdan bo‘lmasdi, axir...

O‘QING: Moto Z2 Force flagmani iPhone 8’dan ham qimmatga tushyapti

Mazkur drop-testda ishtirok etgan barcha modellar ro‘yxati esa quyida keltirilgan. Bu ro‘yxat mustahkamlik reytingiga ko‘ra tuzilgan, ya’ni uning pastrog‘idagilarning korpusi mo‘rtroq.

  1. Motorola Moto Z2 Force
  2. LG X Venture
  3. Apple iPhone X
  4. LG V30
  5. Samsung Galaxy S9
  6. Motorola Moto G5 Plus
  7. Apple iPhone 8
  8. Google Pixel 2 XL
  9. Huawei Mate 10 Pro
  10. OnePlus 5T
  11. Samsung Galaxy Note 8
  12. Apple iPhone SE

«Terabayt.uz» tahririyati sizlarga o‘z smartfonlaringiz ustida bunaqa sinovlar o‘tkazmaslikni tavsiya etadi.

O‘QING: Top-10: Eng qudratli Android-smartfonlar (AuTuTu talqini)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!