Dropbox Paper barchaga ochiq: 2 GB “bulutli” xotira sizga muntazir

Dropbox Paper barchaga ochiq: 2 GB “bulutli” xotira sizga muntazir

“Google Docs”ning raqibi sifatida ishga tushirilgan Dropbox Paper xizmati o‘z faoliyatini kengaytirishda davom etmoqda.

Ma’lumotlarni bulutli tizimda saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya 3 avgust kuni Paper’ni takomillashgan talqinini ishga tushirdi. Ayni paytda undan xohlagan kishi foydalanishi mumkin.

Ilk marotaba Paper 2015 yilning oktyabr oyida ishga tushirilgan edi. Unda shunga o‘xshash Google Docs yoki Evernote Business xizmatlari kabi, hujjatlar saqlash va almashish mumkin edi. Ammo sinov tariqasida bo‘lgani bois undan shu kunga qadar cheklangan miqdordagi foydalanuvchilar, guruhlar foydalanib kelishayotgan edi. Endi esa bu xizmat barcha uchun ochiq.

Shu bilan birga, Dropbox kompaniyasi xizmatdan iOS va Android qurilmalaridan foydalanish imkonini beradigan maxsus ilovalarni ham taqdim qilgan. Bu esa foydalanuvchi uchun yanada qulay.

Paper xizmatida foydalanuvchilar tomonidan qisqa fursat ichida 1 milliondan ziyod hujjat joylanib, minglab foydalanuvchilar xizmat sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha takliflarini bildirganlar.

“Mana shu fikr-mulohaza va takliflar asosida interfeys va surat galereyalariga o‘zgartirish kiritdik, mobil va veb-ogohlantirishlarni joriy qildik, biror hujjatning tezkor va oson topilishi uchun mukammal qidiruv tizimini shakllantirdik. Bizning yangi mobil ilovalarimiz esa sizga tizimni yangilash, hujjatlarni tahrirlash, har qanday sharoitda xizmat haqida fikr qoldirishga xizmat qiladi”, deb yozadi Dropbox o‘z blogida.

Shuningdek, ushbu xizmat hamkasblar muayyan hujjat ustida bir vaqtning o‘zida ikki qurilma orqali ishlash, uni tahrirlash, faylga video yoki surat qo‘shish imkonini berdi. Uni Google Calendar xizmatiga ulab qo‘ysangiz, Paper zarur mahalda sizning nomingizdan uchrashuv uchun zarur hujjatlarni eslatib, hamkorlarga ulashadi.

Shu bilan birga, xizmatdan biror loyihaning borish jarayonini ko‘rsatuvchi hujjatlar nazoratini ham olib borish mumkin. Buning uchun ishlar ro‘yxatini tuzib, boshqalarning nomi oldidan @ belgisini qo‘yib, vazifa yuklash ham mumkin.

Elektron ma’lumotlarning onlayn omborxonasi, ya’ni Dropbox fayllarni saqlash xizmati foydalanuvchiga o‘zining “bulutli” omborxonasida sig‘imi 2 Gb.gacha ma’lumotni yuklash va saqlash uchun joy beradi. Bu yerga ma’lumotlarni yuklab olib, uni hamkorlar bilan o‘rtoqlashish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mijozlar PDF shaklidagi fayllarni iOS platformasidagi qurilmadan foydalangan holda, Dropbox sahifalarida tahrir qilishlari mumkin.

Mazkur xizmatdan foydalanish bepul va undan foydalanish uchun bu yerdan ro‘yxatdan o‘ting. So‘ngra App Store yoki Google Play onlayn ilovalar do‘konidan Paper app ilovasini yuklab oling.

Amerikaning  Dropbox Inc kompaniyasiga 2007 yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya fayllarni “bulutli” saqlash xizmatlarini ko‘rsatadi. 2016 yilning mart oyida taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur xizmat ayni kunda 500 million nafar faol foydalanuvchilariga ega.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.