Dubayda ilk robot-politsiyachi ish boshlaydi

Dubayda ilk robot-politsiyachi ish boshlaydi

Hi-tech.mail.ru nashrining xabar berishicha, 2017 yilda Dubay politsiya xizmatida birinchi robot ish faoliyatini boshlaydi. Dubay politsiya vakilining ta’kidlishicha, mazkur robot “ma’lum vaziyatlarda” zarur vazifalarni bajarishi mumkin. Robotning qay tarzda ishlashi va nima vazifa bajarishiga hozircha aniqlik kiritilmagan.

Ushbu robot prototipi 2015 yilda Dubay shahrida o‘tkazilgan GITEX Technology Week ko‘rgazmasida namoyish qilingan edi. Bunday robotlarni politsiya faoliyatiga 4 yil ichida to‘liq jalb qilish to‘g‘risida avvalroq xabar berilgan.

Birlashgan Arab Amirliklari jamiyatning barcha sohalariga, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlariga zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlardan biri  hisoblanadi. O‘tgan yili Dubay politsiyasi birinchilardan bo‘lib Google Glass texnologiyasidan foydalanishni boshlagan edi. Natijada u jarimani o‘z vaqtida to‘lamagan ko‘plab qoidabuzarlarni aniqlashga katta hissa qo‘shdi. Dubay hukumati kelajakda robotexnika, biomuhandislik va 3D-bosmani faol qo‘llash bo‘yicha maxsus dasturni ham joriy qilgan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!