Dunyoni qutqaradigan 5 yangi texnologiya

Dunyoni qutqaradigan 5 yangi texnologiya

Innovatsiya insoniyatni halok qilish mumkin bo‘lgan isrofgarchilikning oldini oluvchi muhim omil bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ilg‘or qarash va tashabbuslar bizga yaxshi yashashga ham yordam beradi. Quyida mana shunday o‘ziga xos texnologiyalarni diqqatingizga havola qilamiz.

Neftni yig‘ib olish uchun ko‘p martalik gubka

Bir muddat avval taqdim qilingan bu mahsulot jahon hamjamiyatini hayratga soldi va yangiliklar lentasida keng yoritildi. Quyidagi videorolikda undan foydalanish texnikasi ko‘rsatib berilgan. Bu texnologiya neftdan ifloslangan okeanlarni tozalash orqali ekologiyani muqarrar o‘limdan saqlab qolishga yordam beradi.

Amerikalik olimlar taqdim qilgan bu g‘aroyib ishlanma "gubka"ni yoki mochalkani eslatib yuboradi. U o‘z og‘irligidan 90 marotaba og‘irroq bo‘lgan neftni so‘rib oladi.

Bu ixtiro poliuretan yoki poliamid nomli moddalardan iborat va uning usti kremniy va vodorod molekulalari bilan qoplangan. Bu ixtiro yordamida yirik suv havzasida to‘kilgan neft suyuqligi muvaffaqiyatli yig‘ib olingan.

Guruch ekib suvni tozalash mashinasi
Rossiyalik olimlar ekologiyani qutqarish uchun shu yilning boshida guruch ekadigan mashinani ixtiro qilishdi. Uning ahamiyatli tomoni guruchni ekishi emas. Olimlarning ma’lum qilishlaricha, bugungi kunda tabiiy suvlar tarkibida oltingugurt miqdori haddan ziyod oshib ketgan.
Bu texnologiya esa suvni 90 foizgacha mana shunday zararli moddadan xalos qiladi.

Shisha idishlar endi qumga aylanadi

Bunga ishonish qiyin, biroq, zarrin qumli sohillar ham yo‘qolish arafasida turibdi. Ekologlar bu to‘g‘rida anchadan buyon jar solishadi. Bunga sabab ishlab chiqarishda sifatli qumga bo‘lgan talabning oshib borayotgani. Bu muammoni esa quyidagi apparat yordamida hal qilishmoqchi. Siz unga qo‘ygan shisha idishlar soniyalar ichida qumga aylanadi.

Uning ishlashi qanday? Hammasi oddiy: shisha idish o‘ta tez harakatlanayotgan ko‘p sonli kichik metall bolg‘achalar yordamida qumga aylanadi. Pivodan bo‘shagan idishdan uning yordamida 200 gramm qum ishlab chiqarish mumkin.

Aytish kerakki, idishdagi yorliq qog‘ozini apparatning o‘zi ajratib oladi. Bu maxsus vakuumnom qurilma yordamida amalga oshiriladi. Natijada, yon-atrofimiz bo‘m-bo‘sh idishlarga to‘lmaydi va sohillarni ham asrab qolish mumkin bo‘ladi. Shisha zarralari esa bino yoki yo‘llarning mustahkamligiga xizmat qiladi.

Plastikni qayta ishlaydigan "zavod"

Plastik — butun jahon miqyosidagi jiddiy muammo. Boisi bu xomashyo ishlatib bo‘linganidan keyin osonlikcha yo‘q bo‘lmaydi. Undan faqat uni boshqa ko‘rinishga o‘tkazib qutilish mumkin. Buning uchun shu vaqtgacha yirik uskuna kerak edi.

Precious Plastic startapi esa g‘aroyib taklif: minizavod. Uni har kim uyida saqlashi mumkin. Bu uskuna plastikni maydalaydi.

Yana bir muhim jihati uning ixtirochilari bu uskunani sizga sovg‘a qilishadi. Uning yordamida bo‘shab yotgan plastik idishlarni maydalab, biror mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishingiz mumkin. Misol uchun, xorijda 3D-printerlarda turli o‘yinchoq va zarur idishlarni chop qilishmoqda.

Yesa bo‘ladigan qadoq

Biologik toza idish va qadoqlarni ishlab chiqarishni Saltwater Brewery zavodi boshlab berdi. Misol uchun, quyidagi ichimlik qadog‘ini yesa bo‘ladi. Boisi, u yanchilgan arpa unidan tayyorlangan. Bu qadoq yordamida ichimlikni do‘kondan muzlatkichgacha ko‘tarib olib borish mumkin. Undan keyin uni iste’mol qilish ham mumkin. Uning ta’mi mazali lochirani eslatishi aniq.

Darvoqe, bosh suratdagi texnologiya AeroGarden yoki "xonaki bog‘" deb ataladi va to‘liq avtomatlashgan. Mehnat qilishni xohlamaydiganlar uchun ayni muddao bo‘lgan bu ilg‘or bog‘ sabzavotlarni mustaqil yetishtiradi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!