DxOMark: Ilg‘or kamerafonlar reytingida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi

DxOMark: Ilg‘or kamerafonlar reytingida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi

Bir muddat avval Huawei taqdim qilgan yangi -- Mate 10 smartfonlar turkumi flagmanlari «neyronli protsessor», «sun’iy aql» kabi vahimali texnologiyalar bilan taqdim qilindi.

Yangi texnologiyalar gadjetlarga aniq-ravshan surat olishiga xizmat qilishi taqdimotda ham qayd etilgan edi. Leica'ning qo‘sh sensorli bosh kamera sensorlaridan biri 12 megapikselli va u rangli sensor hisoblanadi. Ikkinchi -- 20 megapikselli modul esa monoxrom sensor. Ularga yorug‘lik taqsimlashda hozircha eng ilg‘or bo‘lgan f/1.6 diafragmasi va optik barqarorlashtirish tizimi o‘rnatilgan.

Kirin 970 protsessorida alohida NPU (Neural Processing Unit) deb nomlangan blok mavjud. Bu qismga joriy qilingan "sun’iy idrok" texnologiyasi yordamida smartfon "aqlli mashina"ga aylanadi va qator ilg‘or funksiyalarni bajaradi. Misol uchun, bu texnologiya smartfonga fotosuratdagi buyumlarni tanib olish, olingan suratlarni sifatli qilib qayta ishlash kabi vazifalarni bajaradi.

Bugun fotokameralar imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazuvchi DxOMark laboratoriyasi Huawei Mate 10 Pro surat olish imtihonlarida 97 ball to‘plagan. Natijada, yangi flagman umumiy reytingda 2-o‘rinni egallagan. 1-o‘rinda esa Google Pixel 2 smartfoni turibdi. Jahondagi eng yaxshi surat oluvchi smartfonlar reytingida 3-rin iPhone 8 Plus va Samsung Galaxy Note 8 flagmanlariga nasib qilgan.

DxOMark mutaxassislari Mate 10 Pro kamerasining imkoniyatlari to‘g‘risida to‘xtalar ekanlar, kamera detallarni yaxshi aks ettirish, "shovqinni" kamaytirish, keng dinamik diapazonni ifodalash, tezkor avtofokuslash va optik yaqinlashtirishda peshqadam ekanini qayd etishgan. Shu bilan birga, video tasvirga olishda kamerada yorug‘lik past sharoitda dinamik diapazon bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani aytilgan.

Quyida Mate 10 Pro kamerasida olingan ilk suratlarga baho bering. 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!