eeYss xizmati orqali vaqtingizni nazorat qiling

eeYss xizmati orqali vaqtingizni nazorat qiling

Vaqt — eng qimmat, ayni vaqtda ko‘pchilik uchun beqadr boylik. Yo‘qotilgan lahzalarni ortga qaytarishning imkoni yo‘q. Shu bois har bir daqiqaning qadriga yetishimiz, ulardan unumli foydalanishimiz kerak. Ammo qanday qilib? Sizga tavsiya qilayotgan onlayn xizmat avvalo vaqtingizni nimalarga sarf etayotganingizni bilishingizga yordam beradi. Kun davomida ovqatlanish, ish va ko‘ngilochar mashg‘ulotlar, sport hamda boshqa yumushlarga qancha vaqt sarflashingizni bilib olsangiz, qimmatbaho boyligingizning qaysi qismini befoyda sarflab yuborayotganingizni aniq tushunib yetasiz, keyingi xulosa, maqsad va rejalar esa o‘z-o‘zidan paydo bo‘laveradi.

Shunday qilib, eeYss xizmati orqali kun davomida qaysi yumushlarga qancha vaqt ajratayotganingizni qayd etib boring, shunda haftalik, oylik va yillik ma’lumotlar yaqqol ko‘zga tashlanib qoladi.

Xizmat yettita asosiy faoliyatga asoslangan:

  • ish;
  • oila;
  • salomatlik uchun qayg‘urish;
  • ta’lim;
  • madaniy rivojlanish;
  • ko‘ngilxushlik;
  • mutolaa.

Xizmatdan ro‘yxatdan o‘tganingizdan so‘ng har kuni ularga qancha vaqt sarflaganingizni besh ballik shkala bo‘yicha qayd etib borasiz. Bu bir daqiqalik vaqtingizni oladi xolos. Biroq ana shu bir daqiqa keyinchalik jiddiy statistikani taqdim etadi. Oradan bir hafta o‘tiboq hayotingizning qaysi jabhalari e’tiboringizdan chetda qolib, diqqat qaratishingiz lozimligini ko‘rsatadi.

Xizmat har haftalik, oylik va yillik faoliyatingizni baholaydi. Ma’lumotlarni esa jadval va diagramma ko‘rinishida olishingiz mumkin.

Yuqoridagi yetti bo‘linmaning istaganini tanlash imkoni mavjud. Masalan, birgina salomatlik yoki mutolaani tanlab, hafta, oy va yil davomida ushbu faoliyat uchun qancha vaqt sarflaganingizni bilib borishingiz ham mumkin.

eeYss xizmatidan qancha ko‘p foydalansangiz, tahlil uchun shuncha ko‘p ishonchlik ma’lumotlarga ega bo‘lasiz. Vaqt o‘tishi bilan siz o‘zingizni avvalgi holatingiz bilan solishtirishingiz va rivojlanish jarayonini kuzatib borishingiz mumkin bo‘ladi.

Yana bir bonus. Bir daqiqalik rejalashtirish va kuningizni baholab borish, bu — foydali odat bo‘lib, ajoyib istiqbollar sari yo‘l boshlaydi.

Ushbu xizmatga quyidagi havola orqali kirishingiz mumkin.

Manba: Erkak.uz

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!