“Elektron hukumat”ning axborot kiosklari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘rnatiladi

“Elektron hukumat”ning axborot kiosklari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida o‘rnatiladi

O‘zbekistonning barcha viloyatlarida “Elektron hukumat”ning axborot kiosklari o‘rnatiladi. Bu haqda 16-avgust kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deb Daryo.Uz yozmoqda.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, hukumatning “O‘zbekiston Respublikasining elektron hukumat to‘g‘risidagi Qonuni ijrosi bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida bir qator o‘zgarish va yangiliklar joriy etiladi.

Jumladan, sinov rejimida axborot kiosklari tashkil etilib, internetdan yoki kompyuterdan foydalanmaydigan fuqarolar u orqali portal xizmatlariga murojaat etishi mumkin. Axborot kiosklari turli jamoat joylarida, shu jumladan, pochta bo‘limlarida, yirik savdo markazlarida, hokimiyatlarda, vokzallarda va ayeroportlarda paydo bo‘ladi. 2019-yil oxiriga qadar respublika bo‘yicha 2 mingta axborot kiosklari yaratish ko‘zda tutilgan. Joriy yilda 250 ta shunday kiosk ish boshlaydi.

Ushbu kiosklar orqali fuqarolar nafaqat portaldagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi, balki ro‘yxatdan o‘tishi va davlat organlariga murojaatlar yo‘llashi mumkin bo‘ladi. Shu munosabat bilan elektron raqamli imzolarni olish va ularni saqlash borasida ham o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

“Bugun elektron raqamli imzoni ko‘pchilik foydalanuvchilar tashqi USB tashuvchilarda saqlaydi. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yil oxiridan sinov tartibida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchisining personal elektron ID-kartalarini kiritish ko‘zlanmoqda. Ularni axborot kioskiga tekizish kifoya — murojaat etuvchi identifikatsiyadan o‘tadi. Hozir ko‘rib chiqilayotgan yana bir imkoniyat bulutli serverdagi yagona saqlash joyidir — u yerda foydalanuvchilar o‘z elektron raqamli imzolarining kalitlarini saqlashi mumkin bo‘ladi. Va, albatta, axborot kiosklari foydalanuvchilar flesh-kartalardagi elektron raqamli imzolaridan foydalanishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Fayzullayev.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, anonim tarzda yuborilgan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Shu bois portal xizmatlaridan foydalanish uchun har bir fuqaro yashash joyi bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasiga murojaat etib, elektron raqamli imzo olishi lozim. Shu tariqa, fuqaro davlat organiga bormay turib unga murojaat qilishi mumkin.

Portalda joriy etilayotgan boshqa yangiliklarga to‘xtalar ekan, vazirlik mutaxassislari murojaatlarni ishlovdan o‘tkazish, ko‘rib chiqish va javob yo‘llash ayni paytda idoraviy va idoralararo axborot tizimlaridan foydalanilgan holda amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi. Bu tizimlarning ishlatilishi esa, o‘z navbatida, murojaatlarni ko‘rib chiqish va ularga javob yo‘llashga sarflanadigan vaqtni ancha tejaydi.

Tadbir davomida, shuningdek, ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar sifatini nazorat qilish masalasi ko‘tarildi. Sifat nazorati vositalaridan biri joylardagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi va hokimiyat organlari faoliyatini baholab boruvchi reyting tizimi ekanligi ta’kidlandi. U foydalanuvchilarga vazirlik yoki idoraning rasmiy saytiga hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlarga 100 ballik shkala bo‘yicha baho berish imkonini yaratadi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.