Elektron pochta hayoti tugamoqda …mi?

Elektron pochta hayoti tugamoqda …mi?

MarketingProfs tahlil-tadqiqot kompaniyasining ma’lum qilishicha, dunyoda har soatda 122,500,453,020 ta elektron xat yuboriladi. Dunyodagi elektron pochta foydalanuvchilari soni 2.586 millard nafar.

Circle Research tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ham 88 foiz biznes vakillari elektron pochta tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda samaradorlikni oshiruvchi omil ekanini ta’kidlashgan.

Statista.com xalqaro statistika nashrining yanvar oyi ma’lumotlariga ko‘ra, WhatsApp (900 mln.), FacebookMessenger (800 mln.), QQ Mobile (860 mln.), WeChat (650 mln.), Skype (300 mln.), Viber (249 mln.), LINE (212 mln.), BlackBerry Messenger (100 mln.), KakaoTalk  (48 mln.) messenjerlari jahondagi ommabop hisoblanadi.

2016 yilning yanvar oyi ma’lumotlariga qaraganda, Google’ning Gmail pochta xizmati foydalanuvchilari 1 milliard nafar bo‘lib, ularning 60 foizga yaqini pochtani mobil qurilma yordamida tekshirib boradi.

2016 Microsoft kompaniyasi dunyoning yana bir ommabop Hotmail elektron pochta xizmati foydalanuvchilarini Outlook.com xizmatiga o‘tkazib, ikki xizmatni birlashtirdi. Bugun mazkur xizmatning 400 million nafar faol foydalanuvchisi bor.

Messenjer ilovalar mobil qurilmalarga asoslangan telekommunikatsiya davrining eng muhim aloqa vositasiga aylanishi elektron pochta xizmatiga bo‘lgan ehtiyojning kamayishiga sabab bo‘ldi. To‘g‘ri, bu bilan internet foydalanuvchilari pochta sahifalaridan foydalanmay qo‘ydilar, deb bo‘lmaydi. Elektron pochtaga murojaat soni qisqardi.

Radicati Group tadqiqot muassasasining ma’lum qilishicha, 2017 yilga kelib 1.779 milliard nafar elektron pochta foydalanuvchisi pochtasidan mobil qurilmalar orqali foydalana boshlaydi.

App Annie tahlil va tadqiqot kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, 13 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan zamonaviy aloqa foydalanuvchilari 45 va undan yuqori yoshda bo‘lganlardan 3.5 marotaba ko‘proq messenjerlarda aloqa qilar ekanlar. Katta avlod vakillari esa aloqa qilishda elektron pochta, veb-brauzer kabi kompyuter ilovalardan foydalanishni ma’qul ko‘rishar ekan.

Qo‘lida smartfon tutmasdan ulg‘aygan avlod vakillari esa mobil qurilmalardan ko‘ra kompyuterdan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Katta avlod vakillari mobil qurimalarda asosan veb-brauzer ilovalardan foydalanishar ekan. Ular messenjerlardan ko‘ra, elektron pochta xizmatini ko‘rsatuvchi ilovalarda vaqtlarini o‘tkazar ekanlar.

5 ta eng ko‘p foydalaniladigan mobil brauzerda 13-24 yoshdagi foydalanuvchilar internetdagi vaqtlarining 12 foizini sarflashsa, 25-45 yosh va undan katta yoshdagilar internetdagi deyarli 16 foiz vaqtlarini mazkur ilovalardan foydalanishga sarflaydilar.

Xuddi shuningdek, yoshlar eng ko‘p foydalaniladigan 5 ta elektron pochta ilovalariga internetdagi vaqtlarining 1 foizini sarflasa, 25 yoshdan yuqori yoshdagilarda bu ko‘rsatkich 3 foizgacha yetadi.

SMS va MMS xat almashinuv ilovalari uchun yoshlar internetdagi vaqtlarining 8 foizini, 25-44 yoshdagilar 4 foizini, 45 yoshdan yuqori bo‘lgan foydalanuvchilar 2-3 foizini sarflar ekanlar.

Keng imkoniyatli mobil aloqa davrining o‘smirlari bugun o‘sib ulg‘aydilar va bu o‘z-o‘zidan messenjerlarga bo‘lgan ehtiyojning oshishiga olib keladi. Ayni paytda bugungi yirik axborot texnologiyalari kompaniyalar ayni shu yo‘nalishdagi loyihalarga ko‘proq diqqat qaratishmoqda.

Misol uchun, Facebook ham o‘zining Messenger va WhatsApp yozishmalar hamda ma’lumot almashish ilovasini takomillashtirib, shunchaki suhbat emas, balki biznes va mijozlarni, elektron tijorat vakillarini bir joyga to‘plagan platformaga aylantirishga urinmoqda.

KakaoTalk, LINE hamda WeChat kabi Facebook ijtimoiy tarmog‘idan ham jadalroq rivojlanayotgan messenjer platformalarning ham imkoniyatlari yuqorilab, ular brauzerlarga qaraganda internetga kirishning muhim darvozasiga aylanmoqda.

Bugungi yosh avlod yozishmalar emas, mobil qurilmalari yordamida videoaloqa xizmatlaridan ham unumli foydalanmoqda. Yoshlarning 5 ta eng ko‘p foydalaniladigan Android videoaloqa ilovalaridan foydalanish darajasi 45 yoshdan yuqori avlodnikidan 2 marotaba yuqori ekan. Hatto bu ilovalarning eng yosh foydalanuvchilari videoaloqa ilovalaridan katta yoshli avloddan 4 marotaba ko‘p foydalanadi.

Mobil savdo-sotiqni amalga oshiruvchi eng ko‘p foydalaniladigan Android ilovalar esa 25-44 yoshdagi foydalanuvchilar o‘rtasida ommalashgan. Buni ularning moliyaviy mustaqil ekanliklari bilan izohlash mumkin.

Bugun yer yuzida 4.35 milliard elektron pochta mavjud. 2019 yilga kelib bu raqam 5.59 milliardga yetadi. Elektron pochtadan bugun asosan bank va mijoz, tadbirkor va tadbirkor, bank va biznesmen o‘rtasidagi elektron aloqa uchun faol foydalanilmoqda.

Yuqoridagi dalil va ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, garchi, e-pochtaga ehtiyoj pasaygan bo‘lsa ham, yaqin kelajakda elektron pochta xizmati batamom yo‘qolib ketmaydi. U kundalik aloqa qilish vositasi sifatida messenjerlarga yo‘l bo‘shatgan bo‘lsa-da, mijozlar va xizmat ko‘rsatuvchi o‘rtasidagi muhim va ishonchli platforma bo‘lib qoladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!