Elektron tijorat qoidalari ishlab chiqildi

Elektron tijorat qoidalari ishlab chiqildi

O‘zbekiston Respublikasida Elektron tijorat qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi Davlat xizmatlari yagona portaliga muhokama uchun joylashtirildi. Muhokamalar fevral oyi so‘ngiga qadar davom etadi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar qildi.

Hujjatda axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilgan hujjat yozma ko‘rinishda tarkib topgan hamda taraflar tomonidan imzolanib, ularning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnoma bilan tenglashtirilgani qayd etildi.

Qoidalar loyihasida keltirilishicha, elektron tijorat shaklida mahsulotlarni sotish, ishlarni amalga oshirish hamda xizmat ko‘rsatish uchun ruxsat berish tusidagi hujjatlar talab qilinmaydi.

Bundan tashqari, shaxsiy avtomobil transportida mahsulotlarni tashish uchun litsenziya olish ham shart emas (qonunda ko‘rsatib o‘tilgan istisnolardan tashqari).

Elektron tijorat shaklida mahsulotlarni sotish, ishlarni amalga oshirish va xizmat ko‘rsatishda alohida buxgalterlik hisobini yuritish ham zarur emas.

Qoidalarda elektron savdo maydonlari (elektron tijorat uchun vebsaytlar yoki mobil ilovalar) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi tomonidan shakllantiriladigan vebsaytlar va boshqa elektron manbalar yagona reyestriga kiritilishi shart.

Shuningdek, hujjatda elektron tijorat maydonlari, elektron shartnoma, yetkazib berish va to‘lovlarni amalga oshirish masalalari, elektron tijoratda eksportni amalga oshirishning o‘ziga xosliklari ham keltirib o‘tilgan.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!