Endi qabr toshlar ham iPhone ko‘rinishida bo‘ladimi?

Endi qabr toshlar ham iPhone ko‘rinishida bo‘ladimi?

Qalampir.Uz‘ning yozishicha, Novosibirskdagi janoza xizmatlarini taklif etuvchi mahalliy firmalarning biri  qabr toshlari ko‘rgazmasida iPhone ko‘rinishidagi qabr toshini omma e’tiboriga havola etdi. O‘sha zahoti bu qabr toshining originali o‘z xaridorini topdi va u Krasnoyarskka jo‘natib yuborildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qabr toshi 65 ming rublga baholangan. Korxona rahbari bunday ko‘rinishdagi qabr toshini yaratish g‘oyasini internetdan olganini aytdi. Uning aytishicha, bu g‘oya orqali toshni silliqlash texnologiyasi namoyish qilish maqsad qilingan. Biroq odamlar buni jiddiy qabul qilib, birin-ketin shunda ko‘rinishdagi qabr toshiga buyurtma bera boshlagan.

iPhone ko‘rinishidagi qabr toshining surati internet tarmoqlariga joylashtirilgach, u ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining tanqidlariga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik uyali aloqa vositasi ko‘rinishidagi qabr toshini nafaqat dinga, balki marhumlarga nisbatan hurmatsizlik deb sanalishini aytgan.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda ko‘plab rivojlangan mamlakatlar qatorida Rossiyadagi qabristonlarga ham turli ko‘rinishdagi qabr toshlari o‘rnatilmoqda. Ba’zi janoza xizmatlarini taklif etuvchi tashkilotlar xaridorlarga svarovski toshlari bilan bezatilgan qabr toshlarini taklif qilishmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!