Eng muammoli Android va iOS qurilmalar reytingi e’lon qilindi

Eng muammoli Android va iOS qurilmalar reytingi e’lon qilindi

Blannco Technology Group tomonidan 2016 yilning 3 choragida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqotlar natijasida Android va iOS platformasidagi bir qator eng muammoli qurilmalar aniqlandi. Bu borada Mobiltelefon nashrida berilgan xabarga ko‘ra, iOS platformasidagi qurilmalarda Android dasturida ishlaydigan smartfonlarga qaraganda nosozlik va muammolar ko‘p uchrab turarkan (47 %ga qarshi 62 %).

Qanday nosozliklar hisobga olindi?

Tadqiqot jarayonida proshivkada yuzaga keladigan xatolar (qotib qolish, ilovalarning majburiy tarzda yopilishi), apparat qismidagi nosozliklar (signalning yo‘qolishi, korpusning me’yoridan ortiq qizib ketishi va boshqalar) hamda boshqa bir qator boshqa omillar hisobga olingan.

iOS platformasi bo‘yicha natijalar

iOS dasturidagi eng beqaror smartfonlar reytingini iPhone 6 boshqarmoqda (13% nosozlik), undan keyingi o‘rinlarni iPhone 5S va iPhone 6S (9% nosozlik) band qilgan. Eng qizig‘i, iPhone 4S boshqa modellarga qaraganda bir qadar barqaror natijani qayd etgan (2%).  iPhone 7 va 7 Plus 4 chorakda e’lon qilinganligi bois ro‘yxatdan joy olmagan.

android_ios_stability_01

Android  platformasi bo‘yicha natijalar

Android qurilmalari reytingida ham kutilmagan natijalar qayd etilgan. Eng muammoli Android smartfonlar reytingini Samsung firmasiga tegishli qurilmalar boshqarmoqda (11% nosozlik). Ushbu holat, mutaxassislarning ta’kidlashicha, jahonda eng ko‘p smartfon sotadigan firma uchun normal hisoblanadi. Sababi smartfon qancha ko‘p sotilsa nosozliklarning hajmi ham parallel ravishda ortib boradi. Undan keyingi o‘rinlarda Xiaomi  (4%) va Lenovo (3%) kelmoqda.

android_ios_stability_02

Modellar bo‘yicha berilgan statistikada LeEco 2 modeli Android qurilmalar orasida eng muammoli apparat sifatida qayd etildi (13% nosozlik), undan keyingi o‘rinlarni Xiaomi Redmi 3S va Redmi Note 3 band qilgan (9% nosozlik). Eng muammoli Android smartfonlar o‘nligiga Samsung Galaxy S7 Edge (5%), Lenovo Vibe K5 Note va Vibe K5 Plus (4% va 3%) hamda o‘tgan yili taqdim etilgan Samsung Galaxy Note 5 va S6 (2% va  1%) modellari ham kiritilgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.