Eng ommalashgan 3 turdagi kiber jinoyat ma’lum bo‘ldi

Eng ommalashgan 3 turdagi kiber jinoyat ma’lum bo‘ldi

Joriy yilning 7 fevral kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Kiber xavfsizlik bo‘yicha xalqaro forum (Cyber Security Forum-2017)da kiber jinoyatlar olamida bugun eng ko‘p tarqalgan uchta xuruj qayd etildi.

Ekspertlarning fikricha, fishing orqali ma’lumotlarni o‘g‘irlash, maxfiy maqsadga ega mobil ilovalar orqali elektron qurilmalarga kirib borish va aloqaning himoya qilinmagan kanallarini tomosha qilish orqali bugun ko‘pchilik internet foydalanuvchilari kiber jinoyatlarning qurboniga aylanmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda kiber jinoyatchilikda muayyan shaxsning yoki ob’yektning geografik joylashgan nuqtasi to‘g‘risida xabar tarqatish, shaxsiy ma’lumotlar bazasini buzib kirish kabi xizmatlar ommalashgan. Xakerlar bu kabi ma’lumotlarni internet va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan turli elektron resurslarga ularning foydalanish shartlarini o‘qimasdan turib kirishlari evaziga olishmoqda.

Ya’ni, biz ijtimoiy tarmoqda duch keladigan “Necha yil yashaysiz?”, “AQSh prezidenti siz haqingizda nima deydi?”, “Qaysi Gollivud aktyoriga o‘xshaysiz” kabi xizmatlar aslida fishing bo‘lib, siz ulardan foydalanish chog‘ida ularning shartiga rozi bo‘lasiz va o‘zingiz to‘g‘ringizdagi ma’lumotlarni ularga hadya qilgan bo‘lasiz.

Mutaxassislarning fikricha, agar har bir internet foydalanuvchisi va xizmat ko‘rsatuvchilar kiber olamda ham hayotdagi kabi ehtiyotkorlikni unutmasalar, aksariyat kiber jinoyatlarning oldi olingan bo‘lar edi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!