Eng tezkor va texnologik operatsion tizim taqdim qilindi

Eng tezkor va texnologik operatsion tizim taqdim qilindi

Kecha, 2018 yilning 4 iyun kuni dasturchilar uchun tashkil qilingan WWDC 2018 anjumanida Apple kompaniyasi rasman iOS 12 operatsion tizimini taqdim qildi. Yangi tizim foydalanuvchi uchun juda ko‘plab qulayliklarni taklif qiladi. Uning ishlab chiqarilishida asosiy e’tibor mobil qurilmaning tezkor faoliyatini ta’minlashga qaratilgan. Natijada eski iPhone, iPad hamda iPod Touch qurilmalarining samarali faoliyati sezilarli darajada oshgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, iOS 11 bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, qurilmalarning tezkorligi taxminan 40% ga oshgan.

iOS 12 operatsion tizimida Apple Books nomli kitob do‘konlari resursi ishga tushirilgan. Uning tashqi ko‘rinishi hamda funksional imkoniyatlari yangidan ishlab chiqarilgan. «Aksiyalar» (Stocks) ilovasida esa endi Apple News nomli yangi xizmat ishga tushirildi. Yangi tendensiyalar asosida tayyorlangan dizayn va foydalanish interfeysi diqqatga sazovor. «Bezovta qilmaslik» rejimi ham yangicha ko‘rinishda taqdim qilingan bo‘lib, unda maxsus funksiya tatbiq qilingan. Uning yordamida telefondagi ayrim funksiyalar, misol uchun ogohlantirish va indikator yoqib qo‘yiladi. Ular foydalanuvchi uyg‘onishi bilan avtomatik ravishda ishga tushadi.

Shu bilan birga, Apple kompaniyasi yangi operatsion tizimda uzoq kutilgan funksiya – ogohlantirishlarni guruhlarga bo‘lishni ham joriy qilgan. Sozlamalar orqali bu funksiyani yoqish yoki o‘chirib qo‘yish mumkin. Kimgadir haddan ziyod ogohlantirishlar kelsa, mazkur funksiya orqali ularni tartiblash mumkin.

Shuningdek, iOS 12 tizimida yana bir qiziq vazifa paydo bo‘ldi – endi foydalanuvchi o‘z iPhone, iPad yoki iPod Touch qurilmasidan qancha vaqt mobaynida foydalanganini kuzatib boradi. Uning yordamida foydalanuvchi ijtimoiy tarmoqqa ko‘p bog‘lanib qolgani yoki smartfondan ko‘p foydalanayotganini bilib boradi. Smartfon unga biror boshqa foydaliroq ish bilan shug‘ullanishni, hech bo‘lmasa yotib uxlashni maslahat beradi. Bu funksiya odamlarni smartfon tobeligidan qutqarishi mumkin.

Kompaniyaning Face ID tizimini qo‘llab-quvvatlaydigan smartfonlari uchun yangicha emojilar taqdim qilindi. Ya’ni, endi foydalanuvchi o‘zining yanada aniqroq shaxsiy virtual qiyofasini yaratishi mumkin. Buning uchun zarur teri rangi hamda ko‘z ranglari taqdim qilingan. Taqdimotda qayd etilishicha, foydalanuvchi real vaqt rejimida o‘zining emojisini yaratadi hamda undan turli ilovalarda foydalanishi mumkin. Misol uchun, FaceTime ilovasi ham mazkur virtual qiyofani qo‘llab-quvvatlaydi.

Yangi tizim imkoniyatlari qatorida guruhli suhbatlarni kiritishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida 32 kishi mazkur funksiya orqali o‘zaro suhbatlashsa bo‘ladi.

CarPlay tizimi esa avtomobil haydayotganda Apple Maps ilovasi o‘rniga uning muqobillari – Google Maps, Waze va boshqa ilovalardan foydalanish imkonini beradi. Endi telefondagi barcha suratlar yanada aniq hamda yaxshi saqlanadi. Buning uchun "sun’iy aql"ga asoslangan takomillashgan algoritmlar bo‘yicha qidiruv tizimlari ishlab chiqilgan.

Shularni inobatga olib aytish mumkinki, iOS 12 operatsion tizimi o‘zi bilan biror tub o‘zgarishni olib kelgani yo‘q. Biroq, bu tizim iPhone, iPad hamda iPod Touch qurilmalarining faoliyatini yanada tezlashtirgan. Bu esa eng muhim va foydalanuvchi uchun zarur o‘zgarish.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!