Eng xavfli kiber-o‘g‘ri qo‘lga olindi

Eng xavfli kiber-o‘g‘ri qo‘lga olindi

Politsiya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, Ispaniyada Denis K. nomli shaxs boshchiligidagi tovlamachilar guruhi qo‘lga olingan. Ular xakerlik yo‘li bilan 40 dan ziyod mamlakatlarning 100 dan oshiq banklaridan pul o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

Madridda bu bo‘yicha Ispaniya Ichki ishlar vaziri Xuan Ignasio Soydo ishtirokida alohida matbuot anjumani tashkil qilindi.

Vazirning qayd etishicha, gap jahonning eng xavfli kiber-jinoyatchisi haqida ketmoqda. Tutqich bermas bu xakerni Yevropa politsiyasi ancha yillardan beri qo‘lga tushira olmayotgan edi.

Ispaniyalik huquqni muhofaza qilish organlarining qayd etishlaricha, ukrainalik xakerlar 40 ta davlatning 100 dan ziyod banklarini onlayn usulda o‘marishgan.

Jinoiy guruh har kuni 1.5 million yevrogacha pullarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Anjumanda ta’kidlanishicha, mazkur jinoiy guruhning jahon davlatlarining iqtisodiyotiga yetkazgan zarari kamiga 1 milliard yevrodan oshadi. Shu bilan birga, bu raqam 10 millard yevrogacha ham bo‘lishi mumkin.

Ahamiyatli jihati bu o‘g‘rilarning asosiy diqqat-e’tibori Rossiya banklariga qaratilgan va ularning bosh qurbonlari ham Rossiya hududida joylashgan. Shu bilan birga, Yevropa va AQSh banklaridan ham katta miqdordagi pullar o‘g‘irlab kelingan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Rossiya banklarining xavfsizlik tizimlari eskirgani va talabga javob bermasligi bois, ularni buzib kirish oson.

Ispaniya kiber politsiyasi xakerlar guruhini tutish uchun uch yil mobaynida maxsus operatsiyani amalga oshirdi. Bunda Interpol hamda AQSh FQB mutaxassislari ham jalb etilganlar.

Ayni paytda qamoqda saqlanayotgan 34 yoshli Denis K. Ispaniyaning Alikante shahrida yashab kelgan va maqsadini amalga oshirgan.

Ukrainalik xaker tomonidan ishlab chiqarilgan maxss dasturlar unga banklarning kompyuter tarmoqlari hamda moliyaviy tizimlarini buzib kirishga yordam bergan. O‘g‘irlangan pullar uning 15 dan ziyod hamtovoqlarining hisob raqamlariga tushib turgan.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!