Eng yaxshi hamyonbop smartfonlar

  •   DiMaX
  •  2616
  •  19.01.2017 18:31

Eng yaxshi hamyonbop smartfonlar

Nomdor brendlar tomonidan ishlab chiqarilgan qurilmalarni balki ikkilanmasdan sotib olsa bo‘lar, faqat narxidan cho‘chimasangiz. Hamyonboplari esa odatda uncha taniqli bo‘lmagan nomga ega bo‘ladi, yana xususiyatlari, sifati ham…

Biroq hamyonbop smartfonlarning ham yaxshilari bor, albatta. Ferra nashri 2016 yilda ishlab chiqarilgan eng zo‘r hamyonbop smartfonlar ro‘yxatini taqdim etgan. Bir ko‘ring-da, balki navbatdagi ajralmas hamrohingizni aynan shular orasidan tanlarsiz?

HomTom HT17

Aftidan, bu nomga ilgari duch kelmagansiz va «mana shu matoh» zo‘rlar ro‘yxatiga qanday kirib qolganiga hayron bo‘layotgandirsiz ham? Har ehtimolga qarshi tanishtirib o‘tamiz: HomTom – bu taniqli Doogee brendining tarmoq korxonasidir.

Bevosita modelning o‘ziga kelsak, uning kamerasi aytarli sifatli emas, tezkorligi ham o‘rtacha (tezkor xotirasi atigi 1 Gbayt), karnaychalari ham kuchli emas. Lekin arzonligini hisobga olsak (taxminan 550-600 ming so‘mlarga to‘g‘ri keladi), HomTom HT17 qurilmasi ushbu ro‘yxatdan joy olishga loyiq.

Blackview A8 Max

Bu gadjetning tezkor xotirasi 2, doimiy xotirasi esa 16 Gbaytga teng. Ekrani yorqinroq, ishlash tezligi yuqori, kameralari ham nisbatan sifatli tasvirga tushiradi. Faqat uning GPS qabul qilish darajasi pastroq, quvvat olish tezligi ham aytarli emas. Biroq 600-650 ming so‘mlarga shundan ortiq telefonni talab qilib ham bo‘lmaydi-da!

Honor 4C Pro

Honor 4C Pro modelini xitoyliklar o‘tgan yilning aprelida qimmat baholashgan bo‘lsa, keyinchalik uning narxi tushgan – taxminan 1 160 ming so‘m atrofida. Smartfon o‘zi shu narxiga loyiq – o‘rtacha kamera, MediaTek protsessori, g‘ichirlaydigan korpus… Nima ham derdik, agar benchmarklar ishqibozi bo‘lmasangiz, chiroyli ko‘rinish va kuchli akkumulyatorga ega bu model ham chakkimas

Xiaomi Redmi 4A

Mazkur ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotlarining sifatiga alohida e’tibor beradi va odatda ular nomdor brendlarnikidan qolishmaydi. Uning Redmi 4A modeli esa hamyonbop qilib chiqarilgan – garchi sakkiz yadroli protsessorga ega, tezkor bo‘lsa-da, akkumulyatori sig‘imi 4000 dan 3120 mAch gacha qisqartirilgan. Buni qarangki, tashqi ko‘rinishidan u hecham past narx segmentidagi mahsulotga o‘xshamaydi!

Insof bilan aytganda, Redmi 4A yaxshi xarakteristikaga ega eng arzon smartfondir. Narxi esa quvonch bilan hayratlanarli – taxminan 1300 ming so‘m.

Meizu M3s mini

Xitoyning eng sifatli smartfonlar ishlab chiqaruvchilaridan biri Meizu bo‘lsa, uning eng hamyonbop modellaridan biri shu M3s mini hisoblanadi. Xitoyning o‘zida uning narxi bizning pulga chaqqanda taxminan 1 400 ming so‘mni tashkil etadi. O‘ylab ko‘ring – sakkiz yadroli protsessor o‘rnatilgan, bejirim gadjet uchun bu ancha arzon. Faqat yetkazib berish va ustama haqlari bilan bizga kelguncha «sal» qimmatlashini hamda operatsion tizimini ruschaga «proshivka» qilish zaruratini ham inobatga olgan ma’qul.

Samsung Galaxy A3 (2016)

Ha, Samsung’ning Galaxy A3 (2016) modelini ham nisbatan hamyonbop modellar ro‘yxatiga kiritish mumkin. O‘ziga xos imidjga ega va kuchli qurilma, tag‘in nomdor brend. Aytish kerakki, yangi Galaxy A (2017) seriyasi chiqarilishi ma’lum qilinishi arafasida bu modellar nisbatan arzonlashtirildi. Yorqin AMOLED-displeyga, sifatli kameraga ega, tezkor va chiroyli smartfonni 1 520 ming so‘mga jon deb olsa bo‘ladi, nima dedingiz? To‘g‘ri, qatorasiga bir nechta messenjerni yoqib qo‘yib, tag‘in o‘yin ham o‘ynasangiz, tezligiga putur yetishi tayin, ammo o‘rtacha ishlatganda, bu juda yaxshi yaraydi.

Xiaomi Redmi 4 Prime (Redmi 4 Pro)

To‘g‘ri, Redmi Note xarakteristikalari yaxshiroq, ammo Xiaomi Redmi 4 Prime (Redmi 4 Pro) modeli aynan ixchamligi bilan ham ko‘pchilikka ma’qul keladi. Axir, 5 dyuym diagonalli Full HD-displeyga ega smartfonni 1 175 ming so‘m evaziga xarid qilsangiz, nimasi yomon? Kuchli akkumulyator (4100 mAch) va yuqori tezlik (Snapdragon 625 protsessori va 3 Gbayt tezkor xotira) ham havas qilgulik. Faqat kamera aytarli kuchli emas, lekin bu narx evaziga shunga ko‘nsangiz ham bo‘ladi.

 

Xullasi kalom, shunaqa gaplar. Hamyonbop smartfon – katta fojia emas, faqat ulardan ayrimlarining kamerasi, boshqasining akkumulyatori, yana birining dizayni… ko‘nglingizdagidek bo‘lmasligi mumkin. Shu bois xarakteristikalarini ko‘zdan kechirib, ma’qul kelganini olsangiz, har holda narxiga yarasha xizmat qilib beradi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!