Eng yupqa Lumia smartfoni taqdim etildi (video)

Eng yupqa Lumia smartfoni taqdim etildi (video)

Avvaldan rejalashtirilganidek, Microsoft kompaniyasi Lumia 650 smartfonini ishlab chiqarishni boshladi. Ishlab chiqaruvchining 2016 yildagi birinchi va katta ehtimol bilan yagona smartfoni 18 fevraldan Yevropada sotuvga qo‘yiladi. Bu haqda kompaniya rasmiy blogida e’lon qilindi.

Smartfonni takomillashtirish ishlari bir necha bor keskin burilishlarga uchradi. Dastlab Microsoft Lumia 650 ishlab chiqarilishi bekor qilindi, biroq keyinroq smartfonning biznes-namunasini taqdim etishga qaror qilindi.

Microsoft tadbirkorlar doirasiga mo‘ljallangan smartfonning tashqi qiyofasiga katta e’tibor qaratdi. Yangi namunada hoshiyalar alyumindan shakllantirilib, oq va qora ranglarda sotuvga chiqariladi.

Smartfonning texnik xususiyatlariga keladigan bo‘lsak, aytish joizki, barcha parametrlar o‘rta sinfga xos. Asosiy kamera 8 Mp bo‘lsa, old kamera 5 Mp. Shuningdek, Quad-Core Cortex-A7 CPU protsessori chastotasi 1.3 Gs, operativ xotira hajmi 1 Gb. Batareyasi esa 2000 mAsoatdan iborat.

Smartfon 200 AQSh dollariga baholanmoqda.