Error 404: ochilmayotgan, hatto o‘chirib yuborilgan veb-sahifani ko‘rishning ikkita osongina yo‘li bor!

  •   DiMaX
  •  7821
  •  03.08.2018 11:43

Error 404: ochilmayotgan, hatto o‘chirib yuborilgan veb-sahifani ko‘rishning ikkita osongina yo‘li bor!

Ba’zan biror sayt yoki uning muayyan bir sahifasi ochilmay qoladi – brauzer «Sahifa topilmadi» degan o‘sha mashhur 404-xatolikni ko‘rsatadi. Buning sababi turlicha – saytga xakerlar hujum qilgan, uning xostingi ishlamay qolgan yoki umuman bu sahifa o‘chirib yuborilgan bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Davlat test markazining sayti xakerlar hujumiga uchradi

Sababidan qat’i nazar, deyarli barcha ochilmayotgan veb-sahifalarni ochib ko‘rishning ikkita usuli mavjud.

1-usul: Google keshidan yuklash

Ushbu usul aksariyat ommabop brauzerlarda ish beradi, faqat unda asosiy qidiruv tizimi tarzida Google o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Odatda Google har qanday internet-sahifaning nusxasini keshlab saqlab boradi. Shunday nusxasini ochish uchun, brauzerda uning manzili oldiga cache: yozuvini terib (yoki shu yerdan nusxalab tashlab), keyin «Enter»ni bosasiz. Shunda Google bu sahifaning keshlangan nusxasini ko‘rsatadi – u asl sahifadan aytarli farq qilmaydi.

Mazkur usulning yaxshi jihatlaridan biri – yuqoridagi maxsus havola orqali sahifaning matn versiyasini ochish ham mumkin. Bunda ortiqcha rasm, reklama va boshqalarsiz faqat matnning o‘zini o‘qish ancha qulaylashadi.

2-usul: «Internet arxivi»dan ochish

Agarda izlayotgan veb-sahifa Google keshi orqali ochilmasa, uni «Internet arxivi»dan izlab ko‘rishingiz mumkin. Bunda ham xuddi yuqoridagidek – brauzer manzil qatoriga maxsus yozuvni terish orqali ochasiz. Ya’ni, topilmayotgan sahifa manzili oldiga web.archive.org/web/ yozuvini kiritib (yoki shu yerdan nusxalab olib tashlab), keyin «Enter»ni bosasiz.

Agarda mana shu ikki usul bilan ham sahifa ochilmasa, u internetdan butkul o‘chirib yuborilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

O‘QING: Google Chrome tezligini oshiramiz