Ertadan Rossiyada LG G6 sotila boshlaydi

Ertadan Rossiyada LG G6 sotila boshlaydi

Moskva shahrida LG G6 smartfonining taqdimoti o‘tkazildi. Gadjetning yangi formatdagi — “kinematografik tasvir sifati”ga ega 5,7 dyuymli displeyi 2880×1440 pikselli, tomonlar nisbati esa 18:9ga teng.

Devaysning juda yupqa old ramkasi alyuminiy metallidan, orqa panel esa tirnalishlarga chidamli shisha xomashyosidan tayyorlangan. LG G6 AQShda zarbaga bardosh berishni kafolatlaydigan MIL-STD-810G standarti bo‘yicha sertifikatlangan. Chang va suvdan qo‘rqmas korpus yarim metr chuqurlikdagi suvda 30 minut jon saqlay oladi.

Qurilmadagi Dolby Vision texnologiyasi ekrandagi tasvirni kengaytirilgan dinamik diapazonda namoyish qiladi. LG G6 qo‘sh modulli bosh kameraga ega bo‘lib, uning ob’yektivlarining piksel sig‘imi 13 MP. Ulardan biri manzarani keng formatli — 125 gradus burchak ostida, ikkinchisi – standart, ya’ni 71 gradus ostida suratga oladi.

Old kamera, shuningdek qo‘sh modulli. Har ikkala ob’yektivning sig‘imi ham 5 megapikseldan: tasvirga olish burchagi keng formatda – 100 gradus, standart smartfonlarda bu – 87 gradus. Ishlab chiqaruvchining kafolat berishicha, smartfonda katta guruhli suratni ham selfi-tayoqchasisiz olish mumkin.

LG G6 foydalanuvchilari o‘z galereyalaridagi 100 ta alohida kadrlar yordamida animatsiyalashgan GIF-fayllar tayyorlashlari mumkin.

Rossiyada LG G6 smartfoni fazoviy qora, muzli platina, mistik oq talqindagi ranglarda 900 AQSh dollaridan, 9 apreldan boshlab sotila boshlaydi. Avvaldan buyurtma berganlarga LG Watch Style “aqlli soat”i sovg‘a qilinmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!