Facebook’da postlarni yoqtirmaslik imkoniyati paydo bo‘lmoqda

Facebook’da postlarni yoqtirmaslik imkoniyati paydo bo‘lmoqda

Uzoq yillik ikkilanish va foydalanuvchilarning talab-istaklari ortidan Facebook nihoyat ijtimoiy tarmoqqa “Yoqtirmaslik” (Dislike) tugmasini joriy etmoqda.  Shu paytgacha saytdagi yozuvlarga fikr bildirishdan tashqari foydalanuvchilar faqat “Yoqtirish” (Like) tugmasini bosish orqaligina munosabat bildira olishlari mumkin edi.

Facebook ijrochi rahbari Mark Zukerbergning aytishicha,  yangi o‘zgarish Kaliforniyadagi kompaniya shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tadigan yig‘indan so‘ng amaliyotga tatbiq etiladi.  Ammo yangi tugmachadan yozuvlarni obro‘sizlantirish yoki reytingini tushirish maqsadida emas,  balki, shunchaki,  o‘qigan odamdagi hissiyotni ifodalash uchun foydalanish kerak,  dedi dunyodagi eng katta ijtimoiy tarmoq saytining asoschisi.

Zukerberg nega shu paytgacha “Dislike” tugmachasi tatbiq etilmaganining sababini,  Reddit saytida kuzatilgani kabi, odamlar undan faqat postlarga ovoz berish maqsadida foydalanishlarining oldini olish ko‘zlangani bilan tushuntirdi.

Facebook yangilik saytlariga eng ko‘p traffik olib keladigan ijtimoiy tarmoq sanaladi.  Shu bois saytdagi bu yangilik maqolalarini tarmoqqa joylaydiganlar uchun katta o‘zgarish bo‘lishi mumkin.  “Yoqtirmaslik” belgisi paydo bo‘lmasligi uchun yangilik kompaniyalari Facebookka maqola joylash strategiyalarini o‘zgartirishi mumkin, deydi ayrim soha mutaxassislari.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!