Facebook F8: Sukerberg hayotimizni o‘zgartiruvchi innovatsiyalarni bayon qildi

Facebook F8: Sukerberg hayotimizni o‘zgartiruvchi innovatsiyalarni bayon qildi

Facebook har yili dasturchilarni virtual rivojlanishning yangi tendensiyalari bilan tanishtirish uchun F8 anjumanini o‘tkazadi.

Kompaniya rahbari Mark Sukerberg to‘ldirilgan voqelik texnologiyasini rivojlantirish va tatbiq qilish bo‘yicha 3 ta bosh rejasini bayon qildi. Markning fikricha, ushbu texnologiya istiqboli unda ma’lumotlar berish tizimini, virtual ob’yektlarni hamda real ob’yektlar (misol uchun, insonlarning yuz ko‘rinishi)ni takomillashtirishni tatbiq etilishi bilan chambarchas bog‘liq.

Facebook’ning to‘ldirilgan voqelik texnologiyasi virtual buyumlarni real hayot bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi. Misol uchun, uning yordamida uydagi muzlatkichda oila a’zolariga virtual xabar yozib qoldirish, ishxonada hamkasblarga topshiriqlar qoldirish mumkin. Bu esa ortiqcha qog‘oz yoki boshqa resurslardan kamroq foydalanishga sabab bo‘ladi.

“SLAM” (parallel namoyon bo‘lish) texnologiyasi real hayotda stol ustiga virtual to‘rni yoyish va unda shaxmat-shashka, boshqa o‘yinlarni o‘ynashga sharoit yaratib beradi. Sukerbergning fikricha, istiqbolda to‘ldirilgan voqelik tufayli yon-atrofimizdagi jamiki bo‘shliq ma’no kasb eta boshlaydi.

Facebook asoschisi qo‘shimcha voqelik texnologiyasini rivojlantirishga astoydil kirishgan ko‘rinadi. U mazkur innovatsiyaga mo‘ljallangan maxsus AR-ilovalar platformasining tashkil qilinganini ma’lum qildi. Camera ilovasi mazkur platformadagi ilk ilovalar sirasiga kiradi.

Bu ilova video va suratlarni o‘rtoqlashish imkoniyatini kengaytiradi. Yaqin vaqt orasida ilova foydalanuvchilarga Facebook ichida to‘ldirilgan voqelik texnologiyasini sinab ko‘rish imkonini beradi. Aniqrog‘i, virtual-shlemni kiyish orqali sizning atrofingizda ko‘ngil ochish va ma’lumotlar olish mumkin bo‘lgan virtual olam paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Sukerberg VR-texnologiyasi bo‘yicha ham to‘xtalib, yaqin kelajakda Facebook ijtimoiy tarmog‘ining to‘liq virtual voqelik platformasida ishlaydigan talqinini yaratishini ma’lum qildi. Facebook Spaces deb nom oladigan platformaga kirish uchun foydalanuvchilarda Oculus Rift yoki Touch virtual voqelik ko‘zoynaklari bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, Facebook Messenger foydalanuvchilari soni 1.2 mlrd. nafarga yetgan va bu tarmoqda 100 ming botlar yuritilmoqda. Shuningdek, bu messenjer platformasi Spotify xizmatiga ulangan bo‘lib, foydalanuvchilar chatning o‘zida musiqani to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglashlari mumkin.

Shuningdek, shu kunlarda Apple Music xizmatini ham Facebook Messenger’ga ulanishi kutilmoqda. Sukerberg mazkur platformada o‘yinlarning joriy qilinishi xususida ham to‘xtalgan. Kompaniya rahbari barcha dasturchilarni yuqoridagi texnologiya hamda platformaga mo‘ljallangan kontent va ilovalar yaratishga chorladi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!