Facebook Hindistonda “arzon internet” dasturini e’lon qildi

Facebook Hindistonda “arzon internet” dasturini e’lon qildi

Facebook kompaniyasi Hindistonda yangi Wi-Fi xizmatini sinovdan o‘tkazmoqda. Facebook’ning hindistonlik foydalanuvchilari sonini oshirish rejalari hozircha “Express Wifi” nomi bilan atalmoqda. Bu yangi loyiha orqali Facebook rivojlanishi past hududlarda istiqomat qiladigan smartfon foydalanuvchilariga Wi-Fi orqali Internetga ulanishlariga sharoit yaratadi.

Facebook Hindistonning mahalliy provayder, Internet xizmati ko‘rsatuvchi sub’yektlar hamda tadbirkorlariga mamlakatning qashshoq hududlarida ham internet xizmatlarini ko‘rsatishlari uchun dasturiy va texnik ta’minotlar yetkazib beradi. Buning uchun hozircha sinov tariqasida mamlakat bo‘ylab 125 ta aholi punktlarida Wi-Fi nuqtalari o‘rnatilgan.

Bu Facebook’ning jahonning aholiga eng boy ikkinchi raqamli va tez o‘sayotgan mamlakatida o‘z xizmatini kengaytirishga bo‘lgan 2-urinishi. Ammo, bu gal bepul emas, pullik asosda xizmat ko‘rsatiladi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur xizmat narx-navosi ancha arzonlashtirilgan bo‘ladi.

Facebook’ning avvalgi «Tekin internet» loyihasi Hindistondagi yuz millionlab insonlarga xalqaro tarmoqqa bepul ulanish imkonini va’da qilayotgan bir paytda, mamlakatning Telekommunikatsiyalarni tartibga solish vakolatli organi tomonidan g‘oya qattiq tanqidga uchradi.

«Internet.org» loyihasi oddiy aholi vakillariga salomatlik, sayohat, bo‘sh ish o‘rinlari, mahalliy hukumatga oid yangiliklar yetkazuvchi sayt hamda xizmatlarni, shuningdek Facebook ijtimoiy tarmog‘i, Dictionary.com va Wikipedia kabi qator xalqaro tarmoqlardan va chegaralangan mahalliy veb-saytlarga kirish imkonini beradi.

Rejaga ko‘ra, mazkur bepul saytlar ro‘yxatiga tadbirkorlar yoki veb-saytlar egalari keyinchalik pullik asosda kirishlari mumkin. Muassasa vakilining fikricha, bu noteng munosabat mamlakatdagi axborot texnologiyalari rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ularning fikricha, Markning bu g‘amxo‘rligi ostida aslida iqtisodiy manfaatlar yotadi, kompaniya yirik auditoriya evaziga tushgan reklamadan katta daromad oladi.

Mark Zukerberg tanqidlarga nisbatan ushbu loyihadan maqsad foyda olish emasligini, u barcha dasturchilar uchun ochiqligini va omadi yurishmagan insonlarga qashshoqlikdan xalos bo‘lishlariga yordam berishini ta’kidlagan.

Bu gal esa Express Wi-Fi xizmati pullik bo‘lib, foydalanuvchilarning muayyan saytlarga kirishi cheklab qo‘yilmaydi.

Hindistonda 142 million nafar Facebook foydalanuvchilari bo‘lib, bu kompaniya uchun ikkinchi eng katta mijozlar bozori hisoblanadi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!