Facebook ochmayapti. Bu bizneslar uchun nima degani?

Facebook ochmayapti. Bu bizneslar uchun nima degani?

IWC  va Global Stats bergan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston aholisining 47% bugungi kunda internetga kiradi. Bulardan aynan Facebook va YouTube tarmog‘ida vaqt o‘tkazadiganlar o‘rtacha hisobda 1M~1.2 million kishini tashkil etadi. Lekin bugungi kunda bu ikkala tarmoq ham mamlakat hududida ishlamayapti. Quyida kaminaning shu boradagi shaxsiy fikrlari bilan o‘rtoqlashaman.

BIZNES VA ONLAYN SAVDOGA TA’SIRI

Nima bo‘lganda ham, bugun masalani biznes tomoniga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Mamlakatimizda innovatsiyalar va IT sohasiga katta e’tibor berilayotgani hisobga oladigan bo‘lsak, bugungi kundagi bu ikki ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yilishi marketingda kamida bitta muammoni belgilab beradi. Chunki, yangi ochilayotgan biznes startaplari va mavjud bizneslar uchun reklama maydonini sezilarli darajada torayishi yaxshilik alomati emas. Har qalay facebook butun dunyoda bo‘layotgan digital marketing (internet reklamaning) 19.7% ga egalik qiladi.

Keling endi bugungi kundagi holatni misol tariqasida ko‘rib chiqaylik. Masalan, Abdujalil yangi mobil ilovasini reklama qilishni xohlaydi. Yangi onlayn startap bo‘lganligi sababli, televideniye, gazeta va billboardlar iqtisodiy va platforma tarafdan qulay tanlov emas. Abdujalil 15-20 yoshdagi yigitlar uchun erkaklar kiyimini xarid qilish mumkin bo‘lgan mobil ilovasini reklama qilishi kerak. Uning uchun eng qulay tanlov - SMM (Social Media Marketing), ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish. Bugungi kunda eng qulay variant (Facebook va YouTubening bloklanganligi sababidan) - telegram kanallari. Ammo telegram kanallarida reklama berayotganda “target audience profiling” degan narsani unutishga to‘g‘ri keladi. Kun.uzda 500ming dan ortiq foydalanuvchi bo‘lsa ham, ularning sonini biz yosh kategoriyasi, joylashgan viloyati, jinsi bo‘yicha bila olmaymiz. Telegramda esa global reklama platformasi yo‘q. Bu degani Abdujalil turli kanallarda har biriga alohida pul to‘lab, reklama qilishiga to‘g‘ri keladi. Agar Facebook ishlayotgan bo‘lganida quyidagi holat yuzaga kelar edi:
Abdujalil o‘z hisobiga 100$ pul o‘tkazadi va qo‘yilgan reklamani kimlar ko‘rishini belgilashi mumkin - “faqat erkaklar, yosh guruhi 18-20, faqat O‘zbekiston hududida bo‘lganlarga bu reklama ko‘rinsin” degan tugmalarni bosadi vassalom. Facebook unga qancha odamga reklamasi yetib borishi, qancha odam uning dasturini reklama orqali yuklab olgani haqidagi ma’lumotlarni chiroyli grafa shaklida taklif qiladi.

Aslini olganda Abdujalil bu ishlarni hozir ham qilishi mumkin. Lekin Facebook ning aksar o‘zbek segmenti VPN dasturlar orqali unga kirayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, ularga Abdujalilning reklamasi ko‘rinmaydi. Chunki VPN allaqachon ularning IP adresini Niderlandiya, Amerika yoki dunyoning boshqa bir burchagidagi serveridan olib ishlatayotgan bo‘ladi.

Aytgancha, kimdir Xitoy kabi davlatlarni misol qilib keltirib, biz shunga o‘xshash “virtual izolyasiya” yo‘lidan ketmoqdamiz deb aytishi mumkin. Lekin biz hali Xitoyning “Baidoo” yoki “WeChat” kabi bir paytning o‘zida onlayn-to‘lov, ijtimoiy tarmoq va qidiruv sistemasini o‘rnini bosadigan tarmoq yaratganimiz yo‘q.

Xurshid Maroziqov

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!