Facebook soxta profilli «trol»larga qarshi yangicha usulda kurash boshladi

  •   DiMaX
  •  991
  •  23.12.2017 14:43

Facebook soxta profilli «trol»larga qarshi yangicha usulda kurash boshladi

Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlar qatori, Facebook’da ham bezorilik, birovlarni masxaralash va kimlargadir po‘pisa qilish hollari uchraydi. Bu kabilarga qarshi kurashish uchun kompaniya mazkur tarmoqqa bir qator jihozlarni qo‘shdi. Ular yoqmaydigan kishilardan keluvchi shaxsiy xabarlarni va do‘stlik takliflarini cheklab qo‘yadi, deya xabar beradi TechCrunch.

O‘QING: O‘zbekistonlik Facebook foydalanuvchisi bo‘htoni uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi

Facebook xavfsizlik yo‘nalishi rahbari Antigon Devis (Antigone Davis) bu haqda shunday yozadi: «Shunday holatlar haqida eshitib qolamiz: kishi ijtimoiy tarmoqda biror noma’qul shaxsni bloklaydi, ammo u endi boshqa bir akkauntda paydo bo‘lib, yana tixirlik qilib kelaveradi. Shu kabi to‘qnashuvlarning oldini olish uchun, biz mavjud funksiyalarni yangi jihozlar bilan yanada to‘ldirdik va bu bilan yana Facebook’da soxta akkauntlarning paydo bo‘lishiga qarshi kurashyapmiz ham».

Tasavvur qiling, siz bu tarmoqda kimnidir blokladingiz, ammo sizga yozish, jig‘ingizga tegish uchun o‘sha «trol» boshqa akkaunt yaratib olib, yana ro‘parangizdan chiqib kelaveradi. Endi esa, yangi jihozlari bilan Facebook bu kabi holatlarning oldini olishga kirishadi. Bu maqsadda kompaniya o‘sha tixirlik qilayotgan shaxsning IP-manzili va boshqa shu kabi ma’lumotlaridan foydalanib, uning aynan o‘sha kimsa ekanini aniqlaydi va harakatlarini cheklaydi. Natijada u sizga shaxsiy xabar yoki do‘stlik taklifi jo‘nata olmaydi.

O‘QING: Facebook’ka yana bir muhim funksiya qo‘shilmoqda – u endi sizni har yerdan topa oladi!

Shuningdek, Facebook yana bitta funksiyani joriy etgan, u begonalar yozgan xatlarga e’tibor bermaslik imkonini taqdim etadi. Bu funksiya tufayli sizga noma’lum – tarmoqda «do‘stlashmagan» va profili soxtaligi – «trol»ligi ehtimoli yuqori bo‘lgan kishilar jo‘natgan xabarlar haqida sizga bildirishnoma kelmaydi.

Xabarning o‘zi «Filtrlangan xabarlar» jildiga tushadi, istagan paytingizda uni o‘sha yerdan ochib o‘qishingiz mumkin. Uni o‘qiganingizni xabar muallifi hatto bilmaydi ham. Hozircha bu yangi funksiya faqat shaxsiy yozishmalarga joriy etilmoqda, yaqin orada u guruhli chatlarga ham tatbiq qilinadi.

O‘QING: IIV 1 noyabrdan internetni tunu kun kuzatmoqda

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!