Facebook teleportatsiyani amalga oshirmoqchi

Facebook teleportatsiyani amalga oshirmoqchi

Facebook ijtimoiy tarmog‘i 2025 yilga borib virtual teleportatsiyani amalga oshiruvchi qurilmani yaratishni rejalashtirgan. Bunda inson virtual ko‘chgan muhitni real voqelikday his qiladi.

Facebook texnik direktori Mayk Shrepfer fikriga ko‘ra maxsus qurilmaga ega bo‘lgan foydalanuvchi “geografik chegaralardan qat’i nazar qayerda va kim bilan bo‘lishni istasa, amalga oshira oladi”.

Virtual voqelikni vujudga keltirish uchun kompaniya takomillashtirish ishlarini olib boradi. Birinchidan, 2016 yilga borib kompaniya Oculus Touch kontrollerini ishga tushirmoqchi. Kontroller foydalanuvchining qo‘l harakatlarini kuzatib, virtual olamdagi boshqa ob’yektlar bilan munosabatga kirishishiga imkon beradi. Ikkinchidan, mutaxassislar insonni o‘rab turgan muhitning modelini yaratishadi va bu tasvirni real vaqtda virtual voqelikka joylashtirishadi. Uchinchidan, Medium dasturi yordamida foydalanuvchilar uch o‘lchamli ob’yektlarni o‘zlari loyihalashtirishlari mumkin.

Maqsadni ro‘yobga chiqarish yo‘lida birinchi qadam Oculus Rift virtual voqelik ko‘zoynagi bo‘ladi. U 2016 yil boshida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!