Fikr kuchi orqali muloqot qilishni qachon boshlaymiz?

  •   DiMaX
  •  1458
  •  23.03.2017 10:40

Fikr kuchi orqali muloqot qilishni qachon boshlaymiz?

Yaqinda Mark Sukerberg va Jerri Saynfeldning Facebook’dagi onlayn-konferensiyasi yuz ming martadan oshiq ko‘rildi. Birinchi navbatda, Sukerbergning ta’kidlashicha, internetning va insoniyatning kelajagi telepatik qobiliyatlarimizni texnik jihatlar bilan namoyon etadigan texnologiyalar bilan bog‘liqdir. Uningcha, biz o‘z shaxsiy tajribamizni real vaqt rejimida yozib olishimiz va o‘z fikr hamda tuyg‘ularimizni do‘stlarimiz va yaqinlarimizga ulasha olishimiz mumkin edi. U buni «kommunikatsiyaning kelajagi» deb atadi. Xo‘sh, hozir biz telepatik yo‘l bilan aloqaga kirishish bosqichiga qay darajada yaqinmiz?

Miya to‘lqinlaridan foydalanishga bag‘ishlangan oldingi tadqiqotlar haqidagi hikoyalar xuddi fantastik romanlardan olingan parchalarga o‘xshab ketadi. Masalan, o‘z fikr kuchi bilan kompyuterni boshqargan maymunlar, telepatiya yo‘li bilan boshqa birovni boshqargan odam… Nisbatan keyingi tajribalar doirasida esa «organik kompyuter» deb ataluvchi ob’yektlardan foydalanildi. Bular – bir necha maymunlar va kalamushlarning o‘zaro bog‘langan miyalari edi.

Vashington universiteti neyrobiologlari elektron yordamchi ishida telepatiya tamoyilidan foydalanganliklarini ma’lum qilishdi. Mazkur tajribada universitetning ikki nafar xodimi, o‘z miya impulslarining Internet-uzatmasidangina foydalangan holda, bir-biridan bir mil uzoqlikda turishdi. Ular «20 ta savol ber» o‘yinini o‘ynashdi. Bu tariqa o‘zaro muloqotda Dyuk universiteti tadqiqotchisi Migel Nikolelis ishlari natijalariga tayanildi.

O‘tgan asr 90-yillar oxirlarida u miyadan chiquvchi elektr impulslari ustida tajriba olib borgan; bunda har bir neyronni alohida, sinchiklab tekshirgan. Nikolelis va uning hamkasblari tez orada, har bir neyron aynan nimalarga mas’ul ekanligini ham aniqlashdi. Masalan, bir vaqtda impuls ishlab chiqaruvchi 48 ta maxsus neyron kalamushni harakatlanishga rag‘batlantiradi. Maymunlarni tadqiq etishga qaytib, Nikolelis va uning jamoasi bir xil balandlikda baravariga ovoz chiqaruvchi neyronlarning 100 xil turini aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Ularning keyin amalga oshirgan ishlari esa kishini hayratga soladi!

Nikolelis jamoasi maymunning miyasiga datchik uladi va uning yordamida joystikni harakatlantirishga urinib ko‘rdi. Bunda ekrandagi nuqtaning harakatlarini kuzatib turishdi. Tajriba davomida neyrofiziologlar miya tuzilishiga oid ayrim savollarga oydinlik kiritib olishdi. Joystikni olib tashlagach, maymunni boshqa qurilmaga ulashdi. Endi ekrandagi nuqtani maymun faqat o‘z fikr kuchi bilangina sura olgan edi. Bu – fikrni yaqqol kuzatishga erishilgan ilk tajriba edi.

Bu yutuq neyrofiziologlarni yangi yo‘nalish – miyadan miyaga ta’sir etish (BBI) bo‘yicha ishlar boshlashga ilhomlantirdi. Ayni damda odamlarda o‘tkazilgan shunday tajribalar natijalari kam. Buning asosiy sababi jonli inson miyasiga datchiklar o‘rnatishni taqiqlovchi axloq me’yorlariga borib taqaladi. Bu borada eng samarali natijalarga Vashington universiteti tadqiqotchilari Shantel Prat va Andrea Stokko erishganlar.

Avvalo, ularning maqsadi bir inson miyasidan boshqasining miyasiga signal yuborib, unda jismoniy reaksiya chaqirish bo‘lgan. Buning uchun olimlar kampusning turli xonalarida bo‘lgan ikki nafar tadqiqotchini yollashdi. Ulardan har biriga miya to‘lqinlarini o‘lchovchi elektroensefalografik shlem (EEG) kiydirildi. Bitta xonada o‘tirgan ishtirokchi video-o‘yin lavhalarini tasavvur qila boshladi – go‘yoki o‘t ochish tugmachasini bosib otayotgandek edi. Ikkinchi ishtirokchiga esa shovqin o‘tkazmaydigan quloqchin kiydirildi. Uning boshiga transkranial magnit stimulyasiyasi (TMS) katushkalari o‘rnatilgan edi. Bu qurilma fokuslangan elektr signallarini nurlantirib beradi. U barmoqlardan bittasini boshqaruvchi miya qismiga ulangan edi. Birinchi ishtirokchi fikran tasavvuridagi nishonga qarata o‘t ochganida, ikkinchisining barmog‘i ham tepkini bosib «o‘t ochdi». Shu tariqa, bir kishi fikr orqali ikkinchisini boshqardi.

Ammo telepatiyaning bunaqa modelida bitta muammo mavjud: Prat ma’lumotlariga ko‘ra, telepatik signallarni qabul qilgan odam, bu signallar o‘z miyasidan yoki boshqa biror joydan kelayotganini bila olmaydi. Telepatik kommunikatsiya taraqqiyotining kelajagi, olimning fikricha, shuni aniqlashtirishga yordam beradi: «Men o‘zim fikrlayapmanmi, yoki boshqa birovning boshimdagi fikrlarini o‘qiyapmanmi?» Lekin, baribir, mazkur tadqiqotlar allaqachon o‘z mevalarini bera boshlagan.

Nikolelisning ishi esa «miyadan kompyuterga» interfeyslarining yaratilishiga olib keldi. Bugungi kunda falajlangan odamlar robot-protezlar tomonidan yuborilgan miya signallari orqali yura olishadi. Xuddi shu texnologiyalar kishilarga o‘z teri sezgilarini tiklashga yordam beryapti. Bulardan tashqari, Prat fikricha, o‘rgatuvchi ilovalarni yaratishda ham ulardan foydalanish mumkin.

Ushbu texnologiyalarning imkoniyatlaridan yana biri – odamzod miyasini boshqa jonivorlar – aynan hissiy anglash tajribasi bizning imkoniyatlarimiz chegarasidan chiquvchi jonzodlarning miyalari bilan bog‘lashda namoyon bo‘ladi. Demak, kelajakda biz ham itlarning hid bilish sezgisini, delfinlarning signallarini ham his qila oladigan bo‘lishimiz mumkin. To‘g‘ri, bular hozircha faqat nazariy farazlar.

Prat o‘zi fikrlarni uzatishga ishonmasa-da, boshqa olimlar buning mumkinligini inkor etishmayapti. Garvard universiteti o‘tkazgan bir tajribada, Hindistonda joylashgan ishtirokchiga EEG va TMS-jihozlar kiydirildi, ular esa internet orqali Fransiyadagi ikkinchi ishtirokchi bilan bog‘langan edi. Hindistondagi kishi «chao» va «xola» so‘zlarini o‘qidi va ular elektron pochta orqali ikkinchisiga yetib bordi. Bu signallar so‘zlarga aylantiriluvchi chaqnoq singari edi. Olingan natijalarni yanada yuksaltirib, Vashington universiteti olimlari «20 ta savol ber» o‘yinini o‘ynashga qaror qilishdi.

Bunda ikki kishi kompyuter orqali o‘zaro ulandi. Ulardan birinchisiga EEG-shlem kiydirildi. Ikkinchisini esa TMS-katushka bilan jihozlashdi. Ikkinchisiga kompyuter ekranida biror jonivorning, masalan, akulaning fotosurati ko‘rsatildi. Keyin unga: «Bu jonivor ucha oladimi?» singari savol berildi. Birinchi ishtirokchidan fikran «ha» yoki «yo‘q» deyishi (xaddi ikkinchi ishtirokchining javobi to‘g‘riligini tasdiqlash yoki rad etishi) so‘raldi. Bu fikrlar ikkinchi ishtirokchiga internet orqali yuborildi. Olingan axborot ikkinchi ishtirokchining ko‘ziga fosfen yoki yorug‘lik chaqnog‘i orqali ko‘rsatildi, agar javob «ha» bo‘lsa, uning to‘g‘ri yo‘lda ekanligi ko‘rsatildi. «20 ta savol ber» o‘yini davomida olingan natijalar (72% to‘g‘ri javob) esa, hech qanaqa ulanishsiz tasodifiy berilgan javoblarga (18%i to‘g‘ri) qaraganda katta farq bilan to‘g‘ri bo‘lib chiqdi.

Xo‘sh, xulosalarga kelsak… Miyadan miyaga xabar yuborish imkoni bo‘lar balki, ammo uzoq masofaga yorug‘lik chaqnog‘i yuborishdan to so‘z yoki tasvirni boshqa miyaga yuborishgacha hali ancha bor.

Bugungi kunda odam-kompyuter interfeysi nimaga o‘xshaydi? Bu – miyaning narigi tomondagi inson miyasi bilan o‘zaro ta’sirlanishidir.

Xo‘sh, agarda kutilgan natijalarga erishsak nima bo‘ladi? Reklama beruvchilar endi eng so‘nggi xilvat joyimiz – miyamizga ham kirib borishadimi? Bularning o‘zimiz uchun oqibati qanday bo‘ladi? Biz yanada sezgirroq, tuyg‘ularimiz kuchliroq bo‘lib qoladimi? Yoki, ehtimol, chidamliroq bo‘larmiz?

Aftidan, bunaqa intensivlik tobelikning yangicha shakliga olib kelishi ham mumkin. Miyadan miyaga murojaat qilish texnologiyasidan yoki telepatiyadan kundalik foydalanish tajribasi tufayli keyingi avlod vakillari ta’lim olishda yoki ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelmasligi mumkin, ammo ular real, jonli insoniy muloqotda katta muammolarga yo‘liqadilar. Ular shunchaki, jonli muloqotni ortiqcha quvvat sarflamasdan erishiladigan yangi turdagi muloqotga almashtirib qo‘yaqolishadi.

O‘zimiz ham ba’zida, suhbatdoshimizning fikrlarini o‘qiy olishni orzu qilib qolishimiz – bor gap. Biroq bu texnologiyalarni tijoratga aylantirib yuborish – bu endi butkul boshqa masala.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.