Firefox Focus – vahimachilar va tejamkorlar uchun mobil brauzer

  •   DiMaX
  •  1864
  •  26.07.2017 10:15

Firefox Focus – vahimachilar va tejamkorlar uchun mobil brauzer

Internetda siz kirgan saytlar shaxsiy ma’lumotlaringizni, sahifada qancha vaqt qolganingizni, qaysi bo‘limlarga o‘tganingizni muntazam kuzatib borishidan xabaringiz bor. Biroq bu kuzatuvlardan xalos bo‘lishning ham bir qancha yo‘llari mavjud. Mozilla Foundation kompaniyasi esa bu masalaga yangicha yondashdi – o‘zini doimiy kuzatuv ostida his qilishni istamaydiganlar uchun yangi mobil brauzer – Firefox Focus’ni taqdim etdi.

Mazkur minimalistik brauzer internetga kirishingiz paytida saytlardan reklamalarni olib tashlaydi va saytlar sizni kuzatishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Hatto uning uchun Mozilla tegishli slogan (shior) ham o‘ylab topdi: «Xuddi hech kim kuzatmayotgandek bemalol kezing».

Focus go‘yoki maxfiylik rejimi yoqilgan oddiy brauzer singari ishlaydi. Ya’ni, u siz haqingizdagi ma’lumotlarni sayt egalariga uzatmaydi, siz kirgan sahifalar tarixini saqlab qolmaydi. Yana ilovadan chiqishingiz bilan barcha vaqtinchalik fayllarni xotiradan o‘chirib tashlaydi.

Bulardan tashqari, Focus dasturining o‘ziga reklama cheklovchisi – adbloker ham kiritilgan; u saytlardan bannerlarni olib tashlab ko‘rsatadi. Ilovaga kiritilgan treking dasturlari filtri esa sizning ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy yoki to‘lovga oid ma’lumotlaringiz begona qo‘llarga tushib qolishidan saqlaydi.

Agarda ushbu minimalistik brauzerning asosiy funksiyalari ham kamlik qilsa, o‘ta vahimachi kishilar uchun uning sozlamalarida ko‘rinmaslik rejimi ham mavjud. Bu rejim skrinshotlar olishni taqiqlaydi, tag‘in sahifalarga kirganligingiz haqidagi ma’lumotlarni hatto telefoningiz xotirasidan ham yo‘q qilib yuboradi.

Ilovaning burchagidagi – korzina tasviri tushirilgan binafsharang tugmacha esa har qanday saytdan iz qoldirmasdan darhol chiqib ketish uchun yaratilgan. U internet-tashriflaringiz tarixini tozlaydi va sizni boshlang‘ich ekranga qaytaradi.

To‘g‘ri, Mozilla’ning bu yangi ishlanmasida kamchiliklar ham yetarli. Ilova qo‘shimcha varaqalar yarata bilmaydi va bir vaqtning o‘zida faqat bittagina sahifa bilan ishlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Focus xatcho‘p (zakladka)lar bilan ham ishlay olmaydi: unda xatcho‘p yaratish ham, import qilish ham imkonsiz.

Anglaganingizdek, Firefox Focus’ni sukut bo‘yicha foydalaniladigan asosiy brauzer sifatida ishlatib bo‘lmaydi – unda internetda kundalik sayr qilish uchun kerak bo‘ladigan asosiy funksiyalar mavjud emas. Ammo u, masalan, aviachiptalar yoki internet-do‘konlardagi tovarlarni qurilma uchun qo‘shiladigan narxlarsiz xarid qilishda yordam beradi. Chunki ayrim saytlar xaridorning telefoni modeli haqidagi ma’lumotlarni oladi va shu asosida narxlarni sal o‘zgartirib taqdim etadi. Axir, qimmatbaho smartfon ishlatadiganlar internet-do‘konlardagi tovarlar narxiga qo‘shiluvchi ozgina qo‘shimchalarga ham ahamiyat bermasdan xarid qilaverishadi-da!

Firefox Focus, shuningdek, qayerga borsangiz izingizdan qolmasdan ta’qib etib yuruvchi reklamalardan ham sizni qutqaradi. Ushbu brauzer orqali internet-do‘konlardagi har qanday tovarlarni ko‘rishingiz va buyurtma qilishingiz mumkin; bir-ikki ko‘rganingizdan so‘ng internetda har qadamda ayni shu tovar reklamasi oldingizdan chiqib qolavermaydi.

Mazkur ilova nafaqat sizni va shaxsiy ma’lumotlaringizni g‘araz niyatlilardan himoya qiladi, balki hamyoningiz uchun ham foydalidir. Axir, reklamalar hamda ko‘p sonli kuzatuvchi modullarni brauzer cheklab qo‘ygach, saytlar tezroq yuklanadi, trafik ham anchagina tejaladi. Demak, roumingda paytingiz yoki mobil trafikni ayagan holda internetga kirish uchun Focus tengsiz mobil brauzer, deyishga asosimiz bor.

Mozilla’ning Firefox Focus ilovasini iOS tizimli qurilmalar uchun mana bu, Android tizimida ishlovchi gadjetlar uchun esa mana bu havolalar orqali yuklab olish imkoni mavjud.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!