Forbes milliarderi O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi

Forbes milliarderi O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi

Bugun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyati ishtirokida Misr Arab Respublikasining Orascom Telecom Holding kompaniyasi boshqaruvi rahbari Najib Saviris bilan muzokara bo‘lib o‘tdi. Misrlik biznesmen 14-16 mart kunlari O‘zbekistonda bo‘lib, O‘zbekiston IT-sanoatining salohiyati, yaqin istiqboldagi rejalar bilan tanishmoqda.

Najib Saviris uchrashuvda O‘zbekistonning telekommunikatsiya sohasiga sarmoya kiritishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan, Orascom Telecom Holding bilan IT-infratuzilmasini rivojlantirish, xususan ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.


Muzokaralar yakunida tomonlar har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lgan kelishuvlarni amalga oshirish, sarmoya kiritish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Yurtimiz bo‘ylab safari davomida Najib Savirisning Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga tashrifi reja qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Orascom Telecom Holding kompaniyasi jahonning qator mamlakatlarida, jumladan Buyuk Britaniya, Pokiston, Iordaniya va boshqa mamlakatlarda telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatadi.

Jahonning taniqli sarmoyadorlaridan biri bo‘lgan 63 yoshli Najib Saviris Shveysariyaning Syurix oliy texnika maktabida tahsil olgan. Ayni kunda u 4,1 milliard AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ bilan Forbes ro‘yxatiga ko‘ra, Misrning ikkinchi raqamli eng boy kishisi hisoblanadi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!