Fujifilm Toshkentda fotografiya shourumini ochdi
Yaponiyaning Fujifilm kompaniyasi 22 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekistondagi birinchi fotografiya shourumini ochdi. Firma vakillarining ta’kidlashicha, fotografiya yo‘nalishi bo‘yicha ochilgan mazkur shourum Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi.
Shourumning ochilish marosimida xaridorlar, professional fotograflar, kompaniya vakillari va jurnalistlar qatnashdi. Bundan tashqari, ochilish marosimi doirasida professional va havaskor fotograflar uchun dunyoga mashhur fotograf Fransois Kouyumdjian tomonidan maxsus mahorat darslari o‘tkazildi.
Ushbu shourumda Fujifilm markasidagi fotoapparatlarni sinab ko‘rish, kerakli tavsiyalar olish va har oyda o‘tkaziladigan mahorat darslarida qatnashish mumkin. Mahorat darslariga Fujifilm Uzbekistan Feysbuk sahifasi orqali oldindan yozilsa bo‘ladi.
“Mazkur shourumda mijozlarimiz nafaqat fotoapparatlarni sinab ko‘rishlari, balki taniqli fotograflar tomonidan o‘tkaziladigan treninglarda ham qatnashishlari mumkin. Fikrimcha, bu ularning fotografiya borasidagi mahorat va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Har birimiz rasmga olish qurilmasiga ega bo‘lganimiz bilan, ammo ko‘pchilik to‘g‘ri suratga olishni yaxshi bilmaydi. Biz esa mana shu kamchilikni to‘ldirish uchun har oyda shourumda mahorat darslarini tashkil etib turamiz”, – deydi Yuta Kavamura, Fujifilm kompaniyasining vakili.
Fujifilm kompaniyasi ko‘zgusiz form-faktordagi kuchli aniqlik darajasiga ega bo‘lgan sifatli fotokameralar ishlab chiqarishi barchaga ma’lum. Shubhasiz, yapon kompaniyasi mazkur sohada dunyodagi eng yetakchi brendlardan sanaladi. Shourumda Fujifilm markasidagi turli fotoapparatlar, linza va aksessuarlarni xarid qilish mumkin.
Shourum Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasida joylashgan. Mo‘ljal: “Panorama” kinosaroyi qarshisida.