Futbol bo‘yicha Ispaniya chempionati O‘zbekiston hududida namoyish etiladi

Futbol bo‘yicha Ispaniya chempionati O‘zbekiston hududida namoyish etiladi

UzReport TV telekanali Ispaniya chempionati translyasiyasi huquqini xarid qildi. Chempionat o‘yinlarini 13-turdan boshlab telekanal orqali kuzatish mumkin bo‘ladi. Bu haqda telekanal matbuot xizmati xabar bergan, deb Sof.uz yozmoqda.

Ispaniya chempionati futbol uchrashuvlari respublikamizning millionlab futbol muxlislarining diqqat-markazida turadi. Dunyodagi eng ko‘p muxlislarga ega bo‘lgan «Barselona» va «Real» kabi klublar ham aynan Ispaniya chempionati — La ligada ishtirok etadi.

Millionlab o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining talab va istaklarini inobatga olib, UZREPORT TV telekanali Ispaniya chempionati o‘yinlarining O‘zbekiston hududi bo‘ylab translyasiya huquqini xarid qildi.

UZREPORT TV telekanali La liga o‘yinlarini O‘zbekiston hududida litsenzion tarzda namoyish qiluvchi yagona telekanal bo‘lib, futbol muxlislarimiz O‘zbekiston televideniyesi tarixida ilk marta Ispaniya chempionati o‘yinlarining litsenzion translyasiyasini UZREPORT TV telekanali orqali ikki audioyo‘lakchada – parallel o‘zbek va rus tillaridagi sharhda tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tez kunlarda har shanba, yakshanba kunlari UZREPORT TV telekanali La liganing qolgan 25ta turidan o‘rin olgan qiziqarli bahslarni siz muxlislar e’tiboriga «jonli» tarzda namoyish qilishni boshlaydi. Ayni paytda Ispaniya chempionati o‘yinlari translyasiyasini amalga oshirish bo‘yicha texnik sozlash ishlari olib borilmoqda.

UZREPORT TV telekanalida syurprizlar mavsumi davom etadi, deb xabar berilgan kanalning Facebook sahifasida.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!