Galaxy A5 (2017) – flagmanni duelga chorlagan o‘rtancha botir

Galaxy A5 (2017) – flagmanni duelga chorlagan o‘rtancha botir

Xabaringiz bor: shu oyning boshida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Galaxy A seriyasidagi smartfonlarning uchinchi avlodini namoyish qildi. Ta’kidlash lozim, ushbu seriyadagi modellar chin ma’noda ko‘plab foydalanuvchilarga ma’qul bo‘lgan. Avvaliga 2015 yilda metall korpus va biroz oddiy texnik parametrlari bilan chiqarilgan A seriyasidagi smartfonlar, oradan ikki yil o‘tib deyarli flagmanlarga xos barcha xususiyatlar bilan ta’minlandi. Avvalroq saytimizning Feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida jonli efir orqali ushbu seriyadagi modellardan biri – Galaxy A5 (2017)  bilan qisqa tanishuv o‘tkazgan edik. To‘g‘risini aytganda, mazkur model ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldira oladi. Yangi modelning imkoniyatlari haqida batafsilroq tasavvurga ega bo‘lish uchun uni avvalgi yillarda taqdim etilgan avvalgi Galaxy A5 smartfonlari bilan solishtirib ko‘ramiz.

Parametr  Galaxy A5 (2015) Galaxy A5 (2016) Galaxy A5 (2017)
Dizayn      Metall korpus Metall ramka + 2.5D shisha Metall ramka + 2.5D
Ekran 5.0 dyuym, SuperAMOLED, HD (294 ppi) 5.2 dyuym, SuperAMOLED, FullHD (424 ppi) 5.2 dyuym, SuperAMOLED, FullHD (424 ppi)
Kameralar 13/5 MP (f=2.0) + LED 13/5 MP (f=1.9) + LED 16/16 MP (f=1.9) + LED
Chipset Qualcomm MSM8916 Snapdragon 410 (4 yadroli) Qualcomm Snapdragon 615
Exynos 7580  (sakkiz yadroli)
Exynos 7880 (sakkiz yadroli)
Xotira 2/16 GB + microSD 2/16 GB + microSD 3/32 GB + microSD
Akkumulyator 2300 mA/c 2900 mA/c 3000 mA/c
Barmoq izi skaneri YO‘Q BOR BOR
IP68 YO‘Q YO‘Q BOR
Gabaritlari 139.3 x 69.7 x 6.7 mm 144.8 x 71 x 7.3 mm 146.1 x 71.4 x 7.9 mm

Dizayn va korpus

Tashqi tomondan Galaxy A5 (2017) avvalgi A5 smartfonlaridan keskin farq qiladi. Model ko‘proq Galaxy S7 va Galaxy J5 modellarini yodga soladi. Orqa panel qayirma 3D shishadan, to‘rt tomondagi ramka esa metalldan yasalgan. Samsung logotipi har doimgiday orqa va old panelda joylashgan, asosiy kamera korpus bilan bir tekis qilib o‘rnatilgan bo‘lsa-da, biroz oddiy ko‘rinadi. Kameraning chap tarafida LED-chaqnoq joylangan. nanoSIM- + microSD slot yuqorida, faqat bitta nanoSIM-kartaga mo‘ljallangan slot va ovoz balandligini sozlaydigan tugmalar chap yonga o‘rnatilgan.

Naushnik va USB Type-C uyalari korpusning quyi qismidan o‘rin olgan. Samsung ushbu seriyadagi yangi smartfonlarda an’anaviy USB uyadan voz kechib, USB Type-C standartini qo‘lladi. Bu qurilmani tezroq zaryadlash va fayllar yanada yuqori tezlikda almashish imkoniyatini beradi.

Yaqinlik va yorug‘lik sensorini ekran ustida, old kamera va mikrofon atrofida topasiz. Ekran ostida esa an’anaviy Home tugmasi (barmoq izi skaneri sozlangan), uning ikki yonida esa sensorli tugmalar o‘rin olgan.

Qurilma IP68 standarti bilan himoyalangan. Ya’ni qurilmani 1,5 metrgacha bo‘lgan chuqurlikdagi suv havzalarida yarim soatgacha “jon saqlashi” mumkin.

Ekran

Galaxy A5 (2017)  displey borasida 2016 yil chiqarilgan versiyadan ko‘p farq qilmaydi. O‘lcham (5,2 dyuym), matritsa (Super AMOLED), aniqlik formati (Full HD) va hatto bir dyuym maydonga to‘g‘ri keladigan piksellar soni (424 ppi) ham bir xil. Umuman olganda, bu yo‘nalishda katta o‘zgarishlarni kutmasa ham bo‘lardi. Boisi, Super AMOLED ayni vaqtda bozorda mavjud eng sifatli matritsa hisoblanadi, aniqlik formati va piksellar zichligi ham maromida. Bundan ortig‘ini odamning ko‘zi farqlashi qiyin.

   

Qo‘shimcha imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ushbu smartfon ekranigaga Galaxy Note 7 modelida ilk bor taqdim qilingan “Ko‘k nur filtri” nomli funksiya qo‘llangan. Bu ko‘zga zarar yetkazadigan ko‘k nurlarni filtrlashga yordam beradi.

  

Eng muhimi, gadjet flagmanlarga xos Always On Display funksiyasi bilan quvvatlangan. Siz ushbu funksiyaga ega modellarda vaqt,  kalendar yoki boshqa tafsilotlarni telefon ekranini blokdan chiqarmasdan ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

  

Yorqinlikni avtomatik sozlash xususiyati ham ko‘zda tutilgan.

Kameralar

Yangi Galaxy A5 kameralari avvalgi modellarga, umuman bozordagi boshqa mavjud smartfonlarga qaraganda bir muncha kuchaytirilgan. Bu gal Samsung selfimanlar sonining oshib borayotganini hisobga olib, old kamerani ham asosiy kameralarga xos sensor bilan jihozladi. Qurilmaga ikkita bir xiz aniqlik sensori (16 MP) va aperturaga ega (f=1.9) kamera o‘rnatilgan. HDR rejimi qo‘llab-quvvatlanadi. Kamera ekranini surish orqali 8 ta filtrlarni ko‘rishingiz mumkin. Xuddi shuncha miqdordagi filtrlarni selfiga ham qo‘llash mumkin.

  

Ikkala kamerada video yozish uchun maksimal format – Full HD (1920 x 1080).

Eng qizig‘i kamera sozlamalarida istalgan joyga o‘rnatiladigan kamera tugmasini yoqish mumkin. Bu, ayniqsa, rasmga olayotganda qulaylik beradi. Shu bilan birga, ovozni sozlash tugmalari yoki shunchaki ekranga barmoqni tekkizgan holda rasmga olish imkoniyatlari tatbiq etilgan.

Kamerada olingan misollar:

Dastur va kommunikatsiya

Bizga tavsif uchun berilgan Galaxy A5 (2017) Android 6.0.1 dasturida ishlar ekan. Agar kompaniyaning 2016 yilda chiqarilgan flagmanlariga hali Android Nougat chiqarilmaganini hisobga olsak, katta ehtimol bilan yangi A5 Android Marshmallow versiyasi bilan sotuvga chiqadi. Uning tez orada so‘nggi Android versiyasiga yangilanishiga shubha yo‘q.

Avvalgi A5 smartfonlari singari qurilma LTE standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Tabiiyki, NFC, ikki diapazonli Wi-Fi 802.11, Wi-Fi Direct va Bluetooth interfeyslari ko‘zda tutilgan. FM-radio moduli saqlab qolingan. GPS/GLONASS tizimlarini qo‘llab quvvatlaydi. Bir vaqtda ikkita SIM-karta va bitta microSD xotira o‘rnatish imkoniyati mavjud.

Protsessor va xotira

Bu galgi A seriyalarda Samsung negadir Qualcoom Snapdragon protsessorlaridan foydalanmaslikka qaror qildi. Yangi A5 modeli sakkiz yadroli Exynos 7880 protsessorida ishlaydi. Chipsetning takt chastotasi 1,9 GGs, unga tasvirni qayta ishlashga xizmat qiladigan Mali-T830MP2 grafik protsessori sozlangan. Garchi gadjet qoniqarli darajad ishlasa-da, Antutu benchmarkidagi natijalar o‘rta segmentdagi smartfonlarga xos: jami 60391 ball

Xotira borasida yangi A5 avvalgi versiyalarga qaraganda ancha takomillashgan. Operativ xotira 3 GB (bu ancha ilg‘or o‘yinlarni o‘ynashga ham imkon beradi), doimiy xotira sig‘imi esa – 32 GB. Biroq ichki fayllar va tizim xotiraning muayyan qismini band qiladi har doimgidek.

  

MicroSD slotiga 256 GBgacha bo‘lgan xotira kartalarini o‘rnatish mumkin (GSM Arena ma’lumotiga ko‘ra). Qo‘shimcha tarzda foydalanuvchilarga Samsung Cloud serveridan 15 GB bulut xotira taqdim etiladi.

Batareya

Yangi A5 sig‘imi 3000 mA/soat bo‘lgan batareya bilan jihozlangan. Batareya borasida o‘zgarishlar u qadar ijobiy emas, sababi o‘tgan yili taqdim qilingan A5 (2016) smartfoniga 2900 mA/soatli batareya o‘rnatilgan edi. Biroq dasturdagi optimizatsiyani hisobga oladigan bo‘lsak, qurilmaning quvvati ancha ko‘proqqa yetishi mumkin. Har holda smartfondan 3-4 kun foydalanish jarayonida shunga guvoh bo‘ldik. To‘liq batareya zaryadi kun davomida internet, kamera, grafika va kommunikatsiya funksiyalarini samarali qo‘llash imkoniyatini beradi.

Modelning bu boradagi ishlash xususiyati Galaxy S7 va S7 Edge smartfonlariga ancha yaqin. Bundan tashqari, USB Type-C standarti qurilmani sezilarli darajada oz fursatda zaryadlashga yordam beradi. Model tezkor zaryadlash (Fast Charging) funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning uchun bu borada hech qanday muammoga duch kelmaysiz. Dasturda batareya quvvatini tejash uchun ikkita (oddiy va maksimum) rejimlar ko‘zda tutilgan.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Qurilma orqali Samsung Pay to‘lov tizimidan foydalanish mumkin. Buning uchun modelga ushbu servisga tegishli ilova ham ko‘zda tutilgan. Biroq O‘zbekistonda ushbu servis ishlamaydi, shuning uchun uning borligi biz uchun katta ahamiyatga ega emas.

Mavzularni qo‘llash imkoniyati mavjud. Bu funksiya to‘laqonli tarzda o‘tgan yilgi A seriyada ishlashni boshlagan. Bu galgi A seriyalarda hatto Always on Display paneliga ham turli mavzularni qo‘llash funksiya ham ko‘zda tutilishi mumkin. Ammo hozircha qo‘limizdagi yangi A5 modelida bunga guvoh bo‘lmadik.

  

Shuningdek, Samsung Members, S Health, Samsung Notes kabi joriy va yangi xizmatlar ham mavjud. Bizga berilgan qurilmada tartiblangan Samsung va Google`ga qarashli ilovalardan tashqari, Microsoft ilova/servislari (Word, Excel, Power Point Skype), Yandeks va Facebook ilovalari proshivkaga oldindan o‘rnatilgan ekan. Umuman olganda, turli servislarga qarashli ilovalarni oldindan telefonga o‘rnatgan holda sotuvga chiqarishda foydalanuvchi uchun hech qanday naf yo‘q. Ko‘p hollarda ular eskirgan holatda bo‘ladi va yangilashni talab qiladi, eng yomoni, bunday ilovalar qurilma xotirasini band etadi.

O‘ylaymizki, Samsung bu jihatlarni kelajakda hisobga oladi.

Xulosa

Samsung yangi A seriyalar ustida ancha ter to‘kkani ko‘rinib turibdi. Shuning bois bo‘lsa kerak modellar sezilarli darajada seriyadagi avvalgi modellarga qaraganda takomillashgan. Ayniqsa, seriyadagi barcha yangi smartfonlar IP68 standarti bilan suv va changdan himoyalanishi, ularga flagmanlarga xos ba’zi xususiyatlarning qo‘llanishi (Always On Display, dizayn, kamera), ushbu qurilmalarning xaridorgir bo‘lishi ta’minlaydi.

Shu bilan birga, butunlay yangi interfeys, kommunikatsiya imkoniyatlari ham maromida. Qisqa qilib aytganda, foydalanuvchi uchun zarur barcha funksiyalar ko‘zda tutilgan. Biroq, shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, model narxi ushbu segmentdagi (“o‘rta narxdagi”) boshqa ishlab chiqaruvchilarga qarashli smartfonlarga nisbatan qimmatroq. Bu esa tanlov jarayonida ta’sir qilishi mumkin.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

BMBOX $335 Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!