Galaxy A5 (2018) flagman xususiyatlariga ega bo‘ladi

  •   DiMaX
  •  3676
  •  26.09.2017 11:37

Galaxy A5 (2018) flagman xususiyatlariga ega bo‘ladi

Samsung kompaniyasi o‘zining o‘rta narx segmentidagi – Galaxy A turkumiga mansub smartfonlariga ham katta e’tibor bilan qaraydi. Jumladan, 2018 yili ishlab chiqariladigan Galaxy A5 modeli haqida internetda tarqalgan ma’lumotlar ham buning isbotidir.

GSMArena.com saytida e’lon qilingan maqola Samsung Galaxy A5 (2018) modeli haqida dastlabki tasavvurlar hosil qilishimizga yordam beradi. Shuningdek, ushbu manba orqali, mazkur qurilmada kompaniyaning flagmanlariga xos xususiyatlar ham bo‘lishini bilib olishimiz mumkin.

Galaxy S turkumidagi flagmanlaridan farqli ravishda, Galaxy A seriyasidagi smartfonlar odatda turli chipsetli talqinlarda ishlab chiqarilmaydi. Biroq kompaniya 2018 yili bu yondashuvdan biroz chekinib, o‘rta narx segmentidagi smartfonlarini ham kuchli protsessorlar bilan ta’minlamoqchi.

Xullasi kalom, GSMArena.com saytining bergan ma’lumotiga ko‘ra, mashhur Geekbench benchmarkida Exynos 7885 chipsetiga ega Galaxy A5 (2018) modeli qayd etilgan.

Garchi rasman tasdiqlanmagan esa-da, Exynos 7885 ham, xuddi Exynos 7880 kabi, 14 nanometrlik texnologik jarayonga mos holda tayyorlangan chipset bo‘ladi. Uning markaziy protsessorida yuksak samaradorlikka ega ikkita Cortex-A73 yadrosi oltita A53 yadrosi bilan o‘zaro muvofiqlikda ishlaydi. Galaxy A5 (2017) modeliga o‘rnatilgan nisbatan eski chipsetning markaziy protsessorida esa sakkizta A53 yadrosi mavjud.

Hamonki gap kelajak smartfoni – 2018 yili taqdim etiladigan model xususida borayotgan ekan, uning boshqa jihatlari ham bu yilgilardan ustunroq bo‘lishi tabiiy. Jumladan, Galaxy A5 (2018)’ga model talqiniga bog‘liq holda 4 yoki 6 gigabaytlik tezkor xotira o‘rnatilishi taxmin qilinayotir. Kelgusi yilning boshida, taxminan fevralda namoyish etiladigan mazkur smartfon Android operatsion tizimining 7.1 Nougat talqini bilan taqdim qilinishi aytilmoqda.

Aftidan, turli mamlakatlardagi foydalanuvchilar uchun bu devaysning har xil chipsetlarga ega talqinlari ishlab chiqariladi. Ko‘rib chiqilayotgan gadjetning modeli nomlanishidan kelib chiqadigan bo‘lsak, dunyo bozori uchun Exynos chipi o‘rnatilgan (F) versiyasi taqdim etiladi. Xitoy bozori uchun ishlab chiqariladigan (0) versiyasi esa Snapdragon chipsetiga hamda 6 gigabaytlik tezkor xotiraga ega bo‘ladi.

Galaxy A5 (2018) modeli qo‘shaloq kamera bilan chiqarilishi mumkinligi haqida ham mish-mishlar tarqalgan, ammo bunisi haqiqatdan birmuncha uzoq bo‘lsa kerak. Balki shunday bo‘lar ham – buni biz bilan birga kuzating!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!