Galaxy A6 va Galaxy A6+: narxi va texnik jihatlari

Galaxy A6 va Galaxy A6+: narxi va texnik jihatlari

Tez orada smartfon do‘konlarining rastalarida ikki yangi smartfon paydo bo‘ladi – Samsung Galaxy A6 hamda Galaxy A6+. Ular turli o‘ziga xos jihatlari bilan diqqatga sazovor bo‘ladilar.

Bugun, ya’ni 6 aprel kuni xitoylik taniqli insayderlar smartfonlarning texnik jihatlarini jamoatchilikka ma’lum qildilar. Xususan, kutilganidek mobil qurilmalar romdan xoli hamda flagmanlar kabi Infinity Display dizayni asosida tayyorlangan ekran bilan ta’minlanadi. Ekranning tomonlar nisbati hozirgi zamon uchun nostandart, ya’ni 18,5:9 o‘lchamli bo‘ladi.

Manbaga ko‘ra, Samsung Galaxy A6 smartfonida 5,6 dyuymli Super AMOLED matritsali ekran bo‘ladi. Uning piksel sig‘imi yuqori -- 2220 ga 1080 ta belgiga teng (FHD+). 8 yadroli Exynos 7870 Octa protsessori hamda 3 gigabaytli tezkor va 32 gigabaytli doimiy xotira devaysning samarali platformasining asosi. Gadjetni USB Type-C porti orqali quvvatlash yoki boshqa qurilmalarga ulash mumkin.

Galaxy A6+ modeli esa 6 dyuymli, Super AMOLED matritsali yuqori sifatli displey, 4 gigabaytli tezkor hamda 32 gigabaytli doimiy xotiraga, 8 yadroli Snapdragon 625 protsessorga ega bo‘ladi.

Yangi devayslar "Galaxy A" turkumining modellari bo‘lgani bois, ular USB Type-C porti, IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoya qilingan metall korpusi bilan maqtana olishadi.

Shu bilan birga, Bluetooth 5.0 LE, Wi-Fi 802.11ac (2,4 GGs + 5 GGs) va NFC modullari smartfon imkoniyatini yanada oshiradi.

Samsung Galaxy A6 va Galaxy A6+ smartfonlari Android 8.0 Oreo operatsion tizimida ishlaydi hamda Project Treble loyihasi doirasida foydalanuvchida yangilanishlarni Google'dan tezkor olib turish imkoni bo‘ladi.

Samsung Galaxy A6 hamda Galaxy A6+ rasman sanoqli haftalardan so‘ng taqdim qilinadi. Janubiy koreyalik korporatsiya mazkur smartfonlarini bozorga xitoylik Xiaomi Redmi 5 va Redmi 5 Plus mobil aloqa qurilmalariga qarshi tushirmoqda.

Ekspertlarning fikricha, bu devayslar samaradorlikda raqiblari bilan bir xil natija ko‘rsatsalar ham, narx borasida ulardan ikki barobar qimmat bo‘lishadi. Aytish joizki, Redmi 5 (3/32 Gb) poytaxtimizda 1 279 000 so‘mdan, Redmi 5+ (3/32 Gb) 1 386 000 so‘mdan, Redmi 5+ (4/64 Gb) 1 576 000 so‘mdan sotilmoqda.

Ya’ni, gadjetlar kamiga 350 AQSh dollariga baholanadi. Shunday bo‘lsa ham, bu kompaniya muxlislari uchun chidasa bo‘ladigan narx. Boisi Samsung brendi qozongan ishonch va sifat kafolati uchun xaridor qo‘shimcha pul to‘lashi zarurligi -- marketing talabidir.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!