Galaxy Note 10+ uchun 3D Skaner ilovasi yaratildi

Galaxy Note 10+ uchun 3D Skaner ilovasi yaratildi

Kecha Samsung Galaxy Note 10 va Note 10+ smartfonlari 70 dan ortiq mamlakatda rasman sotuvga chiqdi. Ushbu tarixiy voqeani nishonlash uchun kompaniya yangi ilova yaratib, uni o‘z mijozlariga taqdim qildi. Ilova 3D Skaner (3D Scanner) deb nomlanadi va uning relizi Galaxy Note 10+ sotuvining boshlanishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Ilova flagmanning 3D ToF (Parvoz vaqti) kamerasidan foydalangan holda real ob’yektlarni skaner qilib, ularning 3D modelini yaratish imkonini beradi. Galaxy S10 5G va Galaxy A80'larda ham ToF kamera mavjudligi bois, dastur ushbu devayslarda ham ishlashi kerak.

3D Skaner ilovasi ayni damda Samsung Galaxy Store'da mavjud. Ilovani yuklash uchun Galaxy Store do‘koniga kiring yoki shu yerga bosing. Dasturni o‘rnatgandan so‘ng joriy funksiyadan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ilovaning o‘zi orqali yoki Bixby Vision yordamida foydalanish mumkin. Ikkinchi muqobil uchun Kamera ilovasini ishga tushirib, Bixby Vision ustiga bosing, so‘ng ilovalar paneliga o‘ting. Mana shu yerda 3D Skaner ilovasini ko‘rasiz.

Ma’lum bir ob’yektning 3D modelini yaratish uchun uni hamma tomondan skanerlab chiqishingiz kerak; ushbu jarayonda ob’yekt atrofida boshqa narsalarning bo‘lmasligiga ishonch hosil qiling. Aks holda, siz xohlamagan ob’yekt ham skaner qilinadi. Samsung'dagilar narsa-buyumlarning uch o‘lchamli modelini yaratishda ob’yektning 20—80 sm kattalikda bo‘lishini maslahat bermoqda. 3D model tayyor bo‘lgach, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqalar bilan ulashish yoki smartfon kamerasi orqali hosil qilingan rasm va videolar tarkibiga qo‘shib qo‘yish imkoni ham mavjud.

O‘QING: Bugundan Galaxy Note 10 va Note 10+ 70 ta mamlakatda sotuvga chiqdi