Galaxy Note 7 egalariga Samsung juda katta mukofot hozirladi

Galaxy Note 7 egalariga Samsung juda katta mukofot hozirladi

2016 yilda Galaxy Note 7 xarid qilib, ko‘p o‘tmasdan akkumulyator nosozligi bois yuzaga kelgan yong‘in tufayli uyg‘ongan vahimalarga qaramasdan uni kompaniyaga qaytarmagan xaridorlar uchun Samsung kutilmagan mukofot hozirladi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, ular Galaxy Note 8 fableti xarid qilish istagini bildirsalar, kompaniya bu ishqibozlarga $425 dollargacha chegirma beradi.

6,3 dyuymli Quad HD+ (2960 x 1440 belgi) ekranga ega Galaxy Note 8 bugun Nyu-Yorkda taqdim qilindi. Fablet o‘zining jihatlariga ko‘ra, ayni paytda eng kuchli smartfonlardan biri ekani e’tirof etilmoqda.  

Uning taqdimoti chog‘ida Samsung kompaniyasi tomonidan Galaxy Note 7 egalariga ommaviy ravishda chegirma e’lon qilinishi, ayni paytda Galaxy Note 7'dan foydalanayotganlar eski fabletni $425 dollar bahosida taqdim qilishlari mumkinligi e’lon qilingan. Bu pul Galaxy Note 8'ning narxidan ayirib tashlanadi.

Ayni paytda xalqaro smartfon yetkazib beruvchi kompaniyalar Galaxy Note 8 fabletiga  $930 dan $960 dollargacha bo‘lgan narx belgilashgan. Samsung avvaldan buyurtmalarni 24 avgustdan qabul qiladi va 15 sentyabrdan yetkazib bera boshlaydi.

Samsung 2016 yilning sentyabrida 3 million dona Note 7 smartfonidan sotgan va texnik muammolar sabab ularning bir qismini qaytarib olishga erishgan. Bu model kompaniyaga 5 mlrd dollar zarar keltirgan. Kompaniya rasman bayonot bergan bo‘lsa ham, bir guruh foydalanuvchilar smartfonni qaytarib berishmagan.

Taqdimot chog‘ida Samsung rahbariyati brendning ashaddiy muxlislariga alohida minnatdorchilik izhor qilganlar.

"Note muxlislariga shaxsan tashakkurimni aytish men uchun sharaf. Men sizning sadoqatingiz oldida boshim yerga tekkunigacha ta’zim qilaman", deydi kompaniyaning mobil bo‘linmasi rahbari Dj Koh.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!