Galaxy Note 9'ning jahon bozorlaridagi narxi -- dahshat!

Galaxy Note 9'ning jahon bozorlaridagi narxi -- dahshat!

Janubiy Koreyaning Samsung korporatsiyasi mahsulotlar narx-navosini belgilashda hech qachon xaridorlarga yon bosmagan. Ayniqsa. kompaniya jamoatchilik e’tiboriga kuchli flagmanlarni taqdim qilar ekan, "olsang ham, olmasang ham - shu" degan tamoyilga suyanadi. Apple korporatsiyasi bilan kim qimmat flagmanni taqdim etish bahsiga bir muddat avval Huawei ham qo‘shildi.

Joriy yilning 9 avgustida taqdimoti kutilayotan Samsung Galaxy Note 9 flagman telefoni ham narxi bilan kompaniya muxlislarini xursand qilmaydi.

Kecha, ya’ni 30 iyulda Janubiy Koreyadagi yirik smartfon yetkazib beruvchilardan biri bo‘lgan kompaniya Samsung Galaxy Note 9 fabletining mahalliy bozordagi bahosini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Samsung Galaxy Note 9 flagmani ikki talqinda sotuvga chiqariladi. Uning eng arzoni $977 AQSh dollaridan, eng qimmati esa $1210 AQSh dollaridan sotiladi. Bu narx-navo mahalliy bozor uchun ekanini hisobga olsak, devaysning xalqaro bozorda $1500 AQSh dollarigacha sotilishini hozirdanoq taxmin qilish mumkin. Devaysning eng arzonini aynan Janubiy Koreyada xarid qilish mumkin.

GizChina nashri o‘zining ishonchli manbasiga tayanib xabar berishicha, Samsung kompaniyasi bu yil Yevropada Galaxy Note 9 "rekord narx"ni belgilaydi. Fabletning 128 gigabaytli doimiy xotiraga ega bo‘ladigan quyi talqini jahon bozorida $1230 dollardan, 512 gigabaytli doimiy xotiraga ega yuqori talqin esa $1460 dollardan sotiladi.

Ushbu telefon apparati biz bilgan ilg‘or jihatlarga ega bo‘lish barobarida, bozordagi eng qimmat smartfonlardan biri bo‘ladi. Garchi, uning barmoq izi skaneri ekranga joylashtirilmasa yoki devays uchta sensorli bosh kameraga ega bo‘lmasa ham, gadjet bahosini belgilashda kompaniyaning "ishtahasi karnay"!

Samsung Galaxy Note 9 yanada ilg‘or "S Pen" qalamchasiga ega bo‘ladi. Uning bosh kamerasi qo‘sh sensorli, korpusining orqasida barmoq izi skaneri ham bor, quyida esa simmetrik dizaynda USB type-C porti hamda audio quloqchinlar uchun an’anaviy tuynuk mavjud.

Shu kunga qadar olingan xabarlarda qayd etilishicha, fabletda Exynos 9 Series 9810 yoki Qualcomm Snapdragon 845 protsessori, 6,4 dyuymli displey (2960 × 1440 pikselli) ekran hamda tok sig‘imi 4000 mA·soat bo‘lgan akkumulyator batareya bo‘ladi. Foydalanuvchilar yangi avlod Bixby 2.0 ovozli yordamchisi bilan muloqotda telefondan yanada samarali foydalanishlari mumkin.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!