Galaxy Note 9'ning narxi aytildi

Galaxy Note 9'ning narxi aytildi

Samsung Galaxy Note 9 fabletining taqdimotiga bir oydan kamroq vaqt qoldi. 9 avgust kuni Janubiy Koreyaning va jahonning yetakchi IT-kompaniyasi smartfon sanoatiga yangi ilg‘or devaysni taqdim qiladi. Hozirdanoq mazkur mobil telefon narxiga oid ma’lumotlar tarqalmoqda. Xususan, fablet yaqinda AQSh ning FCC departamentida ham yaqindagina ro‘yxatga olindi. 

Bugun insayderlar tarqatgan xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, mazkur gadjet Yevropa smartfon bozorida 1160 AQSh dollaridan boshlab sotiladi. Ushbu narx devaysning 6 Gbayt tezkor hamda 128 Gbayt doimiy xotiraga ega talqini uchun belgilangan.

Shu bilan birga, Internetda tarqalayotgan reklama bannerida aks etgan posterda fablet jamoatchilik e’tiboriga quyidagi shior bilan tanishtirilmoqda: «The new super powerful Note» («Yangi super-samarador Note»).

Shuningdek, suratda yangicha ko‘rinishdagi S Pen ham tasvirlangan. Apparat bosh kamerasi qo‘sh sensorli, korpusining orqasida barmoq izi skaneri ham bor, quyida esa simmetrik dizaynda USB type-C porti hamda audio quloqchinlar uchun an’anaviy tuynuk mavjud.

Shu kunga qadar olingan xabarlarda qayd etilishicha, fabletda Exynos 9 Series 9810 yoki Qualcomm Snapdragon 845 protsessori, 6,4 dyuymli displey (2960 × 1440 pikselli) ekran hamda tok sig‘imi 4000 mA·soat bo‘lgan akkumulyator batareya bo‘ladi. Foydalanuvchilar yangi avlod Bixby 2.0 ovozli yordamchisi bilan muloqotda telefondan yanada samarali foydalanishlari mumkin.