Galaxy Note 9 qimmatlashmaydi, Note 8 bahosida sotiladi

Galaxy Note 9 qimmatlashmaydi, Note 8 bahosida sotiladi

Shu kunlarda Galaxy Note 9 narx-navosi smartfon sanoatidagi muhim mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Bir yoqdan ishlab chiqaruvchining qimmat smartfonlari savdosi tushib ketgan, boshqa tomondan esa yangi devayslarning avvalgi modellaridan farqi katta emas. Jumladan, Galaxy Note 9 ham avvalgi modeldan unchalik farq qilmaydi. Shu sababli ham yangi fablet narxida o‘zgarish bo‘lmaydi. Aniqrog‘i, Koreyaning o‘zida. Biroq, jahon smartfon bozorida ham narxdagi farq u qadar yirik bo‘lmaydi.

Janubiy Koreyaning ETNews nashrining ma’lum qilishicha, Samsung yangi fabletni o‘z yurtida taqdim qiladi. Galaxy Note 9’ning narxi Koreyada 1,094,500 von, ya’ni $975 dollardan boshlanadi. Gadjetning boshlang‘ich modifikatsiyasi 128 Gb doimiy xotiraga ega bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, Note 8 modelining quyi talqinida 64 gigabayt doimiy xotira mavjud.

Galaxy Note 9’ning yuqori talqini, ya’ni 512 gigabaytga ega talqini qimmatroq bo‘ladi - 1,353,000 von, ya’ni $1,200 dollar. Galaxy Note 8 modelining yuqori talqiniga 256 gigabaytli doimiy xotira o‘rnatilgan. Xotiradagi farq ikki karra bo‘lsa ham, biroq narx o‘rtasidagi farq unchalik katta bo‘lmaydi.

Samsung’ning narx borasida yon berishini tushunish mumkin. Shu kunlarda Galaxy S9 savdosi tushib ketdi, kompaniya so‘nggi o‘n yillikda ilk marotaba smartfon savdosida orqaga yurdi. O‘tgan yili sotuvga chiqqan Galaxy Note 8 bahosi hozirgi bozor uchun ham qimmatlik qiladi. Shuning uchun kompaniya Galaxy Note 9 modelini ham shu narxda savdoga chiqarsa, hech narsa yutqazmaydi.

Fabletda Exynos 9 Series 9810 yoki Qualcomm Snapdragon 845 protsessori, 6,4 dyuymli displey (2960 × 1440 pikselli) ekran hamda tok sig‘imi 4000 mA·soat bo‘lgan akkumulyator batareya bo‘ladi. Foydalanuvchilar yangi avlod Bixby 2.0 ovozli yordamchisi bilan muloqotda telefondan yanada samarali foydalanishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Samsung Electronics kompaniyasi Galaxy Note 8 smartfonini 2017 yilning sentyabrida xalqaro ko‘lamda sotishni boshlagan edi. Uning eng arzoni 950 AQSh dollariga baholangan.