Galaxy Note 9 taqdim qilindi: Samsung'ning eng kuchli va qimmat smartfoni

Galaxy Note 9 taqdim qilindi: Samsung'ning eng kuchli va qimmat smartfoni

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi Nyu York shahrida Galaxy Unpacked taqdimotini o‘tkazdi. Unda Samsung Galaxy Note 9 fableti hamda Galaxy Watch soati taqdim qilindi.

An’anaga ko‘ra sahnaga bir necha yillardan buyon Samsung kompaniyasining Mobil bo‘linmasiga boshlchilik qilib kelayotgan Dj Koh chiqib keldi. Uning fikricha, foydalanuvchilarga yangi raqamli amaliyotlarni taqdim etishda Samsung kompaniyasining oldiga tushadigan ishlab chiqaruvchi yo‘q. Samsung "sun’iy aql", "internet buyumlar", "to‘ldirilgan voqelik", "aqlli televizor"dan tortib, ilovalargacha eng yaxshi texnologik imkoniyatlarni yaratib bermoqda.

Taqdimotda Galaxy Note 9 fabletiga oid taqdim etilgan ilk jihat - akkumulyator sig‘imi bo‘ldi. Devaysning "quvvat toshi" 4000 mA soat. Uni simli yoki simsiz quvvatlash mumkin. Galaxy Note 8 modeli 3300 milliamper soat "quvvat toshi"ga ega bo‘lgan edi. Bu quvvat bilan smartfon bir kun davomida beminnat va faol xizmat qiladi.

Ikkinchi bo‘lib, e’tibor qaratilgan jihat - doimiy xotira bo‘ldi. Smartfondagi doimiy xotira 512 Gb. Bu talqindagi operativ xotira sig‘imi 8 Gb. Shuningdek, qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi ham 512 Gb sig‘imli xotira kartasini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada doimiy xotira 1 terabaytga yetadi. Shuningdek, 6/128 Gb xotiraga ega talqin ham ishlab chiqariladi.

Fabletning xalqaro talqini Exynos 9810 va AQSh ga mo‘ljallangan talqin Snapdragon 845 chipida ishlaydi. Galaxy S9 ham shu chiplarga ega bo‘lgan. Kompaniya protsessorni salqin ushlab turish uchun uglerod quvurli suyuqlik aylanish tizimini joriy qilgan.

Taqdimotda aytilishicha, Galaxy Note 9 ega bo‘lgan protsessor 10 nanometrli texnologiya bo‘yicha ishlaydi hamda undagi samaradorlik Galaxy Note 8 modeliga nisbatan 33% ga yuqori.

Note 8 "merosxo‘ri" silliq korpus va qayrilma yonlarga ega bo‘lgan. Undagi 6.4 dyuymli AMOLED ekran aniqligi QHD+ (2960x1440 pikselli). Displey osti va yuqorisida yupqa virtual hoshiyalar mavjud.

Bir qarashda u Galaxy Note 8 modeliga o‘xshasa ham, orqa panelda farqlar mavjud: qo‘sh ob’yektivli kamera LED fotochaqnoq bilan yotiq shaklda joylashtirilgan hamda kamera ostida barmoq izi skaneri mavjud. Nihoyat, skaner qulay joyini topibdi. Samsung Galaxy Note 8 modelida kamera yonidagi skaner bir oz noqulay edi.

Taqdimot Galaxy Note 9 kamerasiga oid ma’lumotlar bilan davom etdi. AI, ya’ni "sun’iy aql" yangi avlod kameralarning imkoniyatini oshirgan. Taqdimotda ham "aqlli kamera" atamasidan foydalanildi.

Bosh kamera qo‘sh - 12 MP (f/1.5-f/2.4) + 12 MP (f/2.4), ya’ni Samsung Galaxy S9+ ega bo‘lgan sensorlar bilan ta’minlangan. Old kamera aniqligi 8 Mp va avtofokus tizimi bilan ta’minlangan. Bosh kameradagi sekinlashtirilgan video yozish funksiyasi yanada yaxshilangan.

Bosh kameradagi sensorning yorug‘lik taqsimotiga mas’ul diafragma yorug‘lik yaxshi sharoitda f/1,5, tunda esa ko‘proq yorug‘lik to‘plash uchun f/2,4 standartida faoliyat ko‘rsatadi.

Endi stilus, ya’ni "S-Pen" raqamli qalamchasi yordamida smartfonga tegmasdan utrib suratlar olish mumkin. Ya’ni, Bluetooth yordamida qalamcha kamerani masofadan boshqarish vositasiga aylanadi. Qolaversa, taqdimotlarni ham shu vosita orqali boshqarish mumkin.

Yangi avlod S-Pen qalamchasi tabiiy yozish, foydalanuvchidagi ijodiy qobiliyatni yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi aksessuarga aylandi. Bu qurilma o‘zining shaxsiy akkumulyatoriga ega bo‘lgan va bor-yo‘g‘i bir daqiqa ichida quvvat olishi bilan ahamiyatli. Qalamcha yordamida YouTube videolarni namoyishini boshlash yoki to‘xtatish mumkin.

Kompaniya ishlab chiqargan yangi va cho‘ntakda olib yurish mumkin bo‘lgan ixcham HDMI adapter orqali fabletni monitor yoki televizorga ulash hamda devaysdagi ma’lumotlarni boshqarish mumkin. Avvallari buning uchun DeX qurilmasi kerak bo‘lar edi.

Note 9 endi nafaqat samarador qurilma, balki kuchli o‘yin smartfoni ham. Mobil o‘yinlari bilan mashhur Fortnite kompaniyasi ilk marotaba Android tizimi uchun o‘yinni taqdim qildi. Virtual o‘yin uchun maxsus "Galaxy skin" kiyimi ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, smartfondagi AKG stereodinamiklari ovozni yanada baland va miriqib tinglashga xizmat qiladi.

Galaxy Note 9 yangi texnologik displey, yanada jozibador yupqa rom, orqa panel markazidan joy egallagan barmoq izi skaneri bilan o‘ziga xos.

Fablet "ummon tusli ko‘k" (Ocean Blue), lavanda tusli pushti (Lavender Purple), metall-mis (Metallic Copper) hamda qora (Midnight Black) rangli korpuslarda ishlab chiqariladi.

Taqdimotda Galaxy Note 9 Samsung kompaniyasi shu vaqtga qadar yaratgan eng kuchli mobil telefoni ekani ma’lum qilindi. Uning ko‘rinishi o‘tgan yilgi Note 8 modelidan farq qilmaydi.

Smartfon quyisida 3.5 mm hajmli audio tuynuk saqlab qolingan.

Samsung Galaxy Note 9 chang va suvdan himoya darajasi - IP68 standartida. Devays 1,5 metr suv tubida 30 minut "jon saqlaydi". Smartfon Android 8.1 Oreo operatsion tizimining o‘zlashtirilgan talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi.

Samsung Galaxy Note 9 fableti 2 ta SIM-kartali gadjet LTE Cat.18, Wi-Fi (802.11 a/b/g/n/ac), Bluetooth 5.0 (LE, 2 Mbit/s), ANT+, NFC, USB Type-C aloqa tarmog‘i va portida ishlaydi.

Samsung Galaxy Note 8 o‘lchamlari: 161,9 x 76,4 x 8,8 mm, vazni — 201 gramm.

Galaxy Note 9 smartfoni 24 avgustdan boshlab, eng arzoni $999 va eng qimmat $1250 dollar bahosida sotuvga chiqariladi. Xalqaro bozorda fablet 1300 AQSh dollaridan sotiladi.

Samsung Galaxy Note 9 Texnik jihatlari:

Aloqa tarmoqlari: GSM/GPRS/EDGE (900/1800/1900 MGs), WCDMA/HSPA (900/2100 MGs), FDD-LTE (1, 3, 7), TD-SCDMA (34, 39), TD-LTE (40);
Platforma (taqdimot vaqtida): Android 8.1 Oreo, Samsung Experience proshivkasi;
Displey: 6,4”, 2960 x 1440 belgi, 516 ppi, Super AMOLED, Always On, Gorilla Glass shishasi;
Bosh kamera: qo‘sh sensorli - 12 Mp, Dual Pixel, avtofokus, fotochaqnoq, suratni optik barqarorlashtirish, f/1.5/2.4, video - 4K@60fps hamda 12 Mp, Dual Pixel + avtofokus, fotochaqnoq, suratni optik barqarorlashtirish, f/1.5/2.4, video - 960fps;
Old kamera: 8 Mp, f/1.7;
Protsessor: hududidan kelib chiqib Snapdragon 845 yoki Exynos 98108 - 8 yadroli (4 ta yadro - 2,8 GGs hamda 4 ta yadro 1,7 GGs), 10 nm, 64 bit;
Grafik chip: Mali-G72 | Adreno 630;
Tezkor xotira: 6/8 GB LPDDR4;
Doimiy ichki xotira: 128/512 GB (UFS 2.1);
Xotirani kengaytirish bo‘lmachasi: microSD, 512 GB.gacha;
Navigatsiya: GPS hamda GLONASS;
Interfeys: Wi-Fi (802.11a/b/g/n/ac), MIMO, Bluetooth 5.0 LE;
Qo‘shimcha: NFC, USB Type-C 3.1 porti;
Sim-karta uchun bo‘lmacha: 2 ta Nano-SIM;
Sensorlar: akselerometr, geomagnit datchik, giroskop, RGB yoritish datchigi, oraliq-masofa datchigi, barometr, Xoll datchigi, barmoq izi skaneri, ko‘z rangdor pardasi skaneri, yurak urishini o‘lchaydigan datchik;
Stereodinamiklar: AKG;
Stilus: S Pen;
Korpus himoyasi: IP68;
Akkumulyator: 4000 mA soat, tezkor quvvat olish, simsiz quvvat oladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.