Galaxy S23 va Galaxy S23+ ilk marta sifatli renderlarda ko‘rsatildi!

Galaxy S23 va Galaxy S23+ ilk marta sifatli renderlarda ko‘rsatildi!

Samsung o‘zining navbatdagi flagman smartfonlarini taqdim qilishiga hali bir necha oy bor. Biroq, Galaxy S23 seriyasidagi ilk modellarning sifatli renderlari allaqachon internetda tarqatib yuborildi.

Ishonchli ma’lumotchilardan biri bo‘lgan @OnLeaks va SmartPrix tomonidan taqdim qilinayotgan renderlar bizga Galaxy S23+ dizayni bilan tanishish imkonini beradi. Bir tomondan ushbu tasvirlar Samsung smartfonlari Galaxy S21'dan beri birinchi marta dizayn o‘zgarishini qabul qilayotganini tasdiqlasa, yana bir tomondan bu smartfonlarning judayam umumiy ko‘rinishi ekanligini, yoxud so‘nggi ko‘rinishi aynan shunday bo‘lmasligini aytish mumkin.

Renderlarga ko‘ra, Galaxy S23+ yanada yumaloqlangan burchaklarga ega bo‘ladi va hozirgi Galaxy S22 smartfonlaridan farqli o‘laroq, yangi smartfon kameralarni o‘z ichiga oladigan orolga ega bo‘lmaydi, aksincha, Galaxy A32, yoxud Galaxy S22 Ultra'da bo‘lgani kabi ularda kamera bo‘rtib chiqib turadi. Shuningdek, uchlik kameralar yonida LED chiroq joylashganini ham ko‘rishimiz mumkin.

Shuningdek, ma’lum qilinishicha, Galaxy S23+ o‘zining avvalgisi, Galaxy S22+'dan kattaroq bo‘lib, bunda yangi smartfon 157.7 x 76.1 x 7.6 mm o‘lchamda, ya’ni qalinligi o‘zgarmagan holda, bo‘yiga va eniga biroz kattalashgan bo‘ladi. Ekrani esa 6.6 dyuym bo‘lishi mish-mish qilinmoqda. Qizig‘i shundaki, renderlarda smartfon SIM-karta uyasiga ega emasligini ham ko‘rish mumkin. Biroq, bu iPhone 14 smartfonlariga taqlid qilingan holda yo‘l qo‘yilgan kichik xato bo‘lishi ham mumkin.

Galaxy S23 Plus'dan tashqari @OnLeaks Digit bilan birgalikda Galaxy S23'ning ham renderlarini ulashgan. Boshlang‘ich model ham Plus modeldek dizaynga bo‘lib, u ham o‘zining avvalgisidan biroz kattaroq: 146.3 x 70.8 x 7.6 mm o‘lchamda 6.1 dyuymli ekran bilan chiqarilishi aytilmoqda.

Uzunquloq xabarlariga ko‘ra, Samsung Galaxy S23 smartfonlari Qualcomm yaqin oylarda taqdim qilishi kutilayotgan Snapdragon 8 Gen 2 chipseti bilan chiqarilishi kutilmoqda. Albatta, smartfonlar Android 13'ga asoslangan One UI 5 operatsion tizimida ishlaydi.

Samsung kompaniyasi Galaxy S23 seriyasini keyingi yil boshida, tahminan, fevral oyida taqdim qilishi kutilmoqda.

O‘QING: Samsung Apple'dan "ilhomlanmoqda"