Galaxy S7 EDGE: Samsung’ning texnologik “shoh asari”

Galaxy S7 EDGE: Samsung’ning texnologik “shoh asari”

Qisqacha texnik tavsif:

O‘lchamlari: 150.9 x 72.6 x 7.7 mm, 157 gramm.
Operatsion tizim: Android 6.0.1, TouchWiz 2016.
Displey va ekran: 5.5 dyuy, QHD-sig‘im, SuperAMOLED matritsa, ekran yorug‘ligini avtomatik boshqarish tizimi, Always On funksiyasi, turli rejimlar, Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi.
Operativ xotira: 4 GB.
Doimiy xotira: 32/64 GB, qo‘shimcha xotira bo‘lmachasi 200 GB.gacha.
SIM-karta: 2 ta gibrid, ya’ni 1 ta SIM-karta + xotira bo‘lmachasi yoki 2 SIM-karta.
Protsessor: 8 yadroli, chastota tezligi 1.8 GGs bo‘lgan Exynos 8890, MALI T880 MP12 videokarta (ba’zi mintaqalarda Qualcomm Snapdragon 820).
Aloqa: 4G LTE cat12/13, Wi-Fi, Bluetooth, GPS, GLONASS, BDS va NFC.
Sensorlar: barmoq izlari skaneri, akselerometr, giroskop, oraliq-masofa, kompas, barometr, yurak hajmini o‘lcham datchigi, SpO2.
Old kamera: 5 megapikselli, fotochaqnoq (ekran shu vazifani bajaradi),
Bosh kamera: 12 megapikselli, dual piksel va avtofokus tizimlari, fotochaqnoq, 4K video yoza oladi.
Akkumulyator: Li-Ion 3600 mA soat, quvvatni tejash va tezkor quvvatlash texnologiyalari. 3G aloqa tarmog‘ida 27 soatgacha muloqot.

Samsung Galaxy S7 edge: Tanishuv

2015 yil Samsung uchun chinakam tajribalarga boy yil bo‘ldi. Smartfon ishlab chiqarishda kompaniya tavakkalchilik bilan yangi texnologiyalarni tatbiq etishdan cho‘chimadi. Ehtimol, shu sabab ham kompaniya 2016 yilda smartfon bozorining mutlaq peshqadamiga aylangandir.

Kompaniya daromadi ikkinchi chorakda 18%ga oshib, $7.17 milliard dollarni tashkil qilgan. Jumladan, mobil aloqa vositalari savdosidan olingan daromadda o‘sish 57%ni tashkil qiladi. Bunda asosan Galaxy S7 va Galaxy S7 Edge flagmanlarining hissasi bo‘lganini kompaniya ham e’tirof etgan.

Samsung’ning smartfon qo‘shimcha xotira kartasidan voz kechishi, ilk marotaba yaxlit korpusli smartfon ishlab chiqarilgani, S6 va unga o‘lcham jihatdan o‘xshash bo‘lsa ham, yon tomonga bukilgan sohil ekranli S6 EDGE avvaliga smartfon ishqibozlarini cho‘chitib yubordi. Ammo, plastik korpusli smartfonlarni tutib. zerikkan kaftlarga metall va shisha uyg‘unligidagi, serhasham smartfonni taqdim etgach, koreyalik ishlab chiqaruvchi og‘izni ochirib qo‘yadigan smartfonlar tayyorlashda ustasi farang ekanini isbot qila oldi.

Sotuvga chiqarilgach, EDGE turkumining an’anaviy ko‘rinishdagi smartfonlardan bozorbopligi ma’lum bo‘ldi. Unga smartfon bozorida talab ham yuqori bo‘ldi. Dastlabki 3-4 oy sohil ekranli geleksilar taqchilligi yuzaga keldi. Kompaniya ularni tayyorlab berishga ulgarmayotgan edi.

2015 yilning kuzida Samsung yana bir juft – Note 5 hamda S6 EDGE Plus “bayroqdor”larini sotuvga chiqardi. Shu yilga qadar Samsung’ning an’anaviy “yuzi” va bosh smartfoni bo‘lib kelgan Note turkumi flagmanlari o‘z o‘rni va nufuzini EDGE seriyasi vakillariga bo‘shatib berdi.

2016 yil esa EDGE turkumida ekran diagonali ilk “EDGE”dan kattaroq bo‘lgan  S7 EDGE gadjeti namoyish etildi. Avvalgi siyosatdan farqli ravishda sohil ekranli flagman an’anaviy S7’dan ham dizayn, ham ichki imkoniyatlar bilan kuchliroq edi.

S7/S7 EDGE 2016 yilda ishlab chiqarilgan va biror e’tirozga uchramagan muvaffaqiyatli “aqlli telefon”lar bo‘lishdi.  Ular ham S6/S6 EDGE’ga xos tarixni takrorlab,  narxdagi farqning kattaligiga qaramasdan, Yevropa va Osiyo smartfon bozorida S7 EDGE’ga katta miqdorda ehtiyoj paydo bo‘lgan. Yirik ekran, noodatiy dizayn va kattaroq akkumulyator bilan S7 EDGE 2016 yilning yetakchi, innovatsion IT-mahsulotiga aylangan.

Samsung Galaxy S7 edge: Dizayn va korpus

Shu vaqtga qadar taqdim etilgan smartfonlarning barchasida biror kamchilik ko‘zga tashlangan. Minglab, millionlab foydalanuvchilar, ekspertlarning barchasiga birday manzurlik biror gadjetga nasib etmagan. To‘g‘rirog‘i, S7 EDGE’ga qadar shunday bo‘lgan. 2015 yilda ridizayn qilingan Samsung flagmanlari bir xillikdan charchagan mobil aloqa vositalari foydalanuvchilarining didini qitiqladi, nigohini tortdi va hayratini oshirdi.

Samsung yangi flagmanlariga metall rom, korpusning orqa paneliga esa Corning Gorilla Glass 4 himoya shishasi kiydirdi.

S7 Edge 150.9 x 72.6 mm bo‘lib, 157 gramm tosh bosadi.

Samsung Galaxy S7 EDGE’ning korpusi alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan. U boshqa Galaxy/Note turkumi vakillari kabi pishiqlik jihatidan foydalanuvchida ishonch tug‘diradi.

2016 yilda ham bu dizayn va ko‘rinish saqlab qolindi. Birgina farq shuki, Samsung Galaxy S7 flagmani 2.5D hoshiya va bezak shishasiga ega bo‘ldi. Ayni paytda, Koreya IT-gigantidan so‘ng barcha kompaniyalar bu uslubdan foydalanishmoqda. Ammo, kompaniya boshqalardan ajralib turish uchun 3D shaklidagi shishadan foydalanmoqda. Hali biror ishlab chiqaruvchi Gorilla Glass 4 shishasini bunday bukik hoshiya shishasi bilan uyg‘unlashtirishga muvaffaq bo‘lmagan edi.

Galaxy S7 edge dizayni kosmik uslubda, ammo kir ko‘tarmaydigan, nafis va nozik korpusga ega. Uni asrash kerak, aks holda ta’mirlash uning yarim narxiga tushishi mumkin.

S6 edge 5,1 dyuym bo‘lgan bo‘lsa, Galaxy S7 edge 5,5 dyuym diagonalga ega bo‘ldi. Dizaynerlik  konsepsiyasi o‘zgarmagan, biroq korpusning “mushakdor”ligi oshgan: o‘tkir shakldagi yon tomon qirralar uning kaftga mustahkam o‘rnashishiga yordam beradi. Samsung Galaxy S7 EDGE’ning orqa paneli bir oz qiya shaklga ega.

Uning korpusidagi muhim yangilik – suv va chang ta’siriga chidamli ekani bo‘ldi. Shu sababli ham, Galaxy S5 ko‘pchilikka manzur bo‘lgan edi. S7 edge IP68 standarti bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi. Ya’ni, changdan qo‘rqmaydi, bir yarim metrgacha suv ichida 30 daqiqa jon saqlaydi.

Ko‘rib turganingiz kabi, Samsung Galaxy S7 EDGE 2015 yil flagmanlari va qisman 2016 yilning A-seriya smartfonlariga o‘xshab ketadi.

Korpusdagi yana bir quvonarli yechim  – unda xotira kartasi bo‘lmachasining mavjudligi bo‘ldi. Endi  S6’ning bosh kamchiligiga barham berilib, yangi smarfton 64 gigabaytgacha bo‘lgan xotira fleshkasini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu bo‘lmacha gibrid, ya’ni uni sim-karta uchun yoki micro SD fleshka uchun ishlatish mumkin.

Samsung Galaxy S7 EDGE yaxlit korpusli bo‘lib, foydalanuvchi uni mustaqil ocha olmaydi. Buning uchun servis markazga murojaat qilish kerak.

microUSB-porti esa suvdan mana bunday himoya qilingan, modomiki biror nosozlik bo‘lsa, maxsus nazoratchi tizim bu haqda boxabar qiladi.

Samsung Galaxy S7 EDGE’ning tashqi metall detallarning barchasi zanglashga qarshi qo‘shimcha himoya bilan ta’minlangan.

Siz suratda smartfonning suvdan himoyalangan qo‘shimcha qismlarini bo‘yalgan holatda ko‘rib turibsiz.

Samsung Galaxy S7 EDGE’ning Black Onyx – qora oniks korpusli talqini ayniqsa, ko‘p sotilmoqda.

Samsung Galaxy S7 EDGE’ning SIM-karta bo‘lmachasiga diqqat qiling: uning quyi tomonida o‘rnatilgan rezina uloq ichkariga kirmoqchi bo‘lgan changlarni olib qoladi.

Garchi, shisha qobiq tez dog‘ bo‘lsa ham, unda barmoq izlari u qadar ko‘zga tashlanmaydi va osonlik bilan artiladi.

Korpus materiali bilan yuzaga kelgan yagona muammo – undagi boshqaruv tugmalarining rangi o‘chishidir. Aynicha, qora rangli talqinda bu yaqqol seziladi.

Samsung Galaxy S7 edge: Displey va ekran

Galaxy S6 kabi ekranning piksellar sig‘imi  2560x1440 belgiga teng. Ya’ni, Quad HD sig‘imli. Ammo, yangi texnologiyalarni joriy etilishi hisobiga namoyish yanada ilg‘or darajaga yetdi. Misol uchun, yanada ilg‘or SuperAMOLED matritsa hisobiga maksimal yorug‘lik darajasi 25 foizga oshdi va ekrandagi yorug‘lik zahirasi ham ko‘paydi.

Bekorga Apple ham o‘z mobil qurilmalariga AMOLED matritsani tatbiq etish rejasini o‘ylab ko‘rmagan.

Har dyuymdagi piksellar miqdori 534 tani tashkil qiladi. Shu sababli tasvir ekranda aniq va detallarga boy ravishda namoyon bo‘ladi. Ekrandagi ranglar me’yori o‘rtasidagi qarama-qarshilik ham yuqori, har bir rang ajralib turadi.

Bu ekran bilan qorong‘u va kunduzgi sharoitlarda bir xil qulaylik bilan foydalanish mumkin. S7 EDGE ekrani ko‘zni olish, nur ostida yarqirab qolish kabi kamchiliklardan xoli. Quyosh ostida ham yorqin va rangli tasvirga guvoh bo‘lish mumkin.

Smartfon avtomatik ravishda yorug‘likni aniqlab, ekranni sozlash ko‘nikmasiga ega.

Ko‘pchilik jazirama va qish kunlarida qora oynali, quyoshdan himoyalaydigan ko‘zoynak taqib, smartfondan foydalanadi. Modomiki odatdagi suyuq-kristall ekranga qora shishali ko‘zoynakda qarasangiz, undagi rang-tasvir yetkazish tizimining buzilishiga, ekranning xiralashishiga guvoh bo‘lasiz. Ammo  svetodiodli displeyga ega Galaxy S7 smartfonlarida bu kabi muammo kuzatilmaydi.

Rang-tasvir uzatish rejimini sozlamalar orqali tanlash ham mumkin. Misol uchun, “Asosiy” rejim tanlansa, unda rang tuslari  sRGB diapazonida, ya’ni yorqin va real holatga yaqin aks etadi.

Ayniqsa,  displeyning Always On (doimo faol) funksiyasi zo‘r g‘oya bo‘lgan. U quyidagicha ishlaydi: smartfon uyqu rejimida bo‘lganida ham displeyning bir qismi uyg‘oq bo‘ladi. U yerda ogohlantirish, xabar va soat, taqvim namoyish etiladi. Ishlab chiqaruvchining aytishicha. bu funksiya soatiga quvvatning 1 foizini iste’mol qilar ekan. Always On funksiyasini ishlatmasangiz, smartfon to‘liq quvvat bilan 20–30% foiz uzog‘roq ishlaydi.

Always On funksiyasi smartfon blokirovka bo‘lgan taqdirda ishlamaydi.

Oddiy yorqin suratlarni ham doimiy faol displeyga chiqarib qo‘yish ishlab chiqaruvchining ilg‘or fikrlashi mahsulidir.

Samsung Galaxy S7 edge: Protsessor va platforma, xotira

S7 edge’ning Samsung Exynos 8890 protsessoriga ega talqini 4 GB operativ xotira bilan ta’minlangan. Bu 8 yadroli chipset Qualcomm Snapdragon 820 protsessoridan ham samarali bo‘lib, quvvatni ham tejaydi.

2015 yilda Samsung flagmanlarida Qualcomm protsessorlarini tatbiq etishdan voz kechdi. Bu protsessorlar Samsung smartfonlarida haddan tashqari qizib ketar edi. Shundan keyin Qualcomm izlanishlar olib borishga majbur bo‘lib, Snapdragon 810 protsessorini yaratgan.

2015 yilga qadar go‘yo Exynos’li flagmanlar  Qualcomm protsessoriga ega smartfonlardan yomon ishlab kelayotgandek edi. Ammo 2016 yildan Exynos chiplari yanada takomillashdi.

Ayni paytda ko‘plab mamlakatlar Samsung’ning Exynos talqinli smartfonlarini sotib oladi. Bu protsessorning avvalgilaridan 30%ga sermahsul ekani aytilmoqda, Mali-T880 videokartasi esa endi T780’dan 80% tezkorroq.

Samsung Galaxy S7 EDGE ham Qualcomm Snapdragon 820, ham Exynos 8890 Octa protsessorli talqinlarda ishlab chiqariladi. Shuningdek, uning GPU Adreno 530 hamda Mali-T880 MP12 videokartalariga ega talqinlari mavjud.

AnTuTu mobil vositalar imkoniyatini baholaydigan benchmarkda Samsung Galaxy S7 edge 2 ta xitoylik smartfondan keyin 3-o‘rinni egallab turibdi.

Exynos LTE cat.12/13 aloqa tarmog‘ida sekundiga 600 Mbit.gacha ( operator bu sifatga javob bersa, 1 GB filmni bir daqiqada yuklab olish mumkin) ma’lumotni yuklab olish mumkin.

Ayni paytda S7 EDGE tezkor va samarali ishlaydigan apparat hisoblanadi. Yangi protsessor tezkor va smartfon bozorining eng yaxshi chiplaridan biridir. Quvvat tejash imkoniyati ham yuqori.

Telefonda qo‘shimcha Exynos M1 protsessori ham bo‘lib, u harakatni hisoblab boradi. Flagman qizib ketmasligi uchun uning platformasida maxsus sovutish tizimi yaratilgan.

Flagmanning doimiy ichki xotirasi 32 yoki 64 GB sig‘imli bo‘lib, microSD yordamida uni 200 GB.gacha kengaytirish mumkin.

Samsung Galaxy S7 edge: Dasturiy ta’minot

S7 EDGE Android 6 operatsion tizimining moslashtirilgan TouchWiz talqini boshqaruvida faoliyat ko‘rsatadi. Flagman smartfonlar dasturi bo‘lgan Android tizimi bu qurilmada yengil va tez ishlaydi. Uzilish va “qotib qolish”larni foydalanuvchi unutib yuboradi.

Samsung Galaxy S7 edge: Quvvat manbai

Akkumulyator sig‘imi avvalgi geleksilarnikidan bir oz oshgan – 3600 mA soat (Galaxy S6 edge+’dan 600 mA soat ko‘proq). Qurilmaning ishlash vaqti doimo uning muhim jihatlaridan bo‘lib kelgan. Quvvat manbai doimo dasturiy ta’minotning to‘g‘ri ishlashi va tizimdagi barqarorlik bilan hisoblashib kelgan.

Bu quvvat smartfonga ekran yorug‘ligi 60%ga sozlansa, har kuni 3.5-4 soat foydalanilsa, o‘rtacha 2 kunga yetadi. Maksimal yorug‘likdagi videoni 13 – 14 soat tomosha qilsa bo‘ladi.

Telefonda ikkita tashqi smisiz quvvatlash standarti mavjud. Shuningdek, tezkor quvvatlash tizimi unga 10 minut ichida quvvatni 100 foizga to‘ldirish imkonini beradi. Jahonning ko‘plab bunday kuchli flagmanlari bu kabi texnologiyani orzu qilishadi.

2016 yilda Samsung flagmanlarining eng katta yutug‘i – ularda uzog‘roq ishlash ko‘nikmasining joriy etilgani bo‘ldi. Hatto yangi ilg‘or telefon apparatlari 1.5-2 barobar uzog‘roq ishlaydigan bo‘ldi.

Samsung Galaxy S7 edge’da universal va ommalashayotgan USB Type-C o‘rniga Micro-USB 2.0. portini joriy qilgan. Uning yordamida flagmanni quvvatlash mumkin.

Galaxy S7 edge’ni 24 soat davomida o‘rtacha ishlatganda uning 59 foiz quvvati sarflanadi. Geekbench 3 sinov tajribasida Galaxy S7 edge videoni 11 soat 25 daqiqa o‘qib, quvvatdorlik bo‘yicha rekord o‘rnatgan.

Samsung Galaxy S7 edge: Kamera

Avvalgi 16 Mp bosh kameraning 12 Mp.ga tushib qolishi boshida foydalanuvchilarning diqqatini oshirdi.  Ammo kamera matritsasining kattalashgani, unda yangi Dual Pixel avtofokuslash tizimi joriy qilingani S7 edge’ni kuchli kameraga ega bo‘lishini ta’minlagan. Yangi kamera texnologiyasida har bir piksel 2 mustaqil fotodioddan tashkil topgan. Ularning biri suratni gavdalantirsa, boshqasi suratga tezkor va aniq  fazali tizimda fokus belgilaydi.

Galaxy S7 va S7 edge smartfonlariga xos eng muhim jihat – ularning yorug‘lik past sharoitda ham yuqori sifatli suratlar olishidir. Bunda esa suratni optik barqarorlashtirish tizimi muhim ahamiyat kasb etadi.

Soya va nur o‘rtasida balans me’yorida, tasvir aniq-tiniq aks etadi. Oq tus bilan bog‘liq xiralik ko‘zga tashlanadi, biroq kamdan-kam.

Galaxy S7/S7 EDGE flagmanlarida Samsung uchun maxsus ishlab chiqarilgan Sony IMX260 kamera modullaridan foydalanilgan. Bu modullarda ob’yektivning yorug‘likni qamrab olish diafragmasi  f/1.7. Diafragmaning kattaligi matritsaga manazar haqida ko‘proq ma’lumot yetib kelishiga xizmat qiladi.

Havaskor fotosuratchilar uchun «avtopilot» nomli sifatli suratga tushirishga yordam beruvchi dastur mavjud.

Hattoki kamera dasturiy ta’minotida “Taom” deb nomlangan rejim bo‘lib, siz endi ovqatlarni turli tusdagi ranglarda ko‘rishingiz mumkin.

5 megapikselli old kamera ham yuqori sifatli suratlar oladi.

Quyidagi misollar yordamida S7 EDGE kamerasining imkoniyatlariga o‘zingiz baho bering.

S7 flagmanida olingan video: 

 

Samsung Galaxy S7 edge: Barmoq izlari skaneri

Barmoq izlari skaneri old panelning bosh tugmasidan o‘rin olgan. Qurilmani qutidan olgach, avvaliga maxfiy so‘z orqali skanerni ro‘yxatdan o‘tkazish va so‘ngra har ikkala bosh barmoqni 2 martadan uning ustiga bosish orqali ishga tushirish mumkin.

Negadir S7 edge barmoq izlari skaneri juda tezkordek tuyilmadi. Galaxy S6 smartfonida bu skaner juda tez ishlar edi.

Samsung Galaxy S7 edge: Kommunikatsiya, ilova hamda funksiyalar

Galaxy S7 edge aloqaning 4G tarmog‘iga mo‘ljallangan bo‘lib, sekundiga 450 Mbit ma’lumot yuklash mumkin bo‘lgan LTE Cat 9’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Ammo, hozircha, real hayotda bu tezlikni uchratish imkoni yo‘q.

Shuningdek, unda simsiz aloqaning 11ac Wi-Fi, Bluetooth 4.2 LE, GPS, GLONASS, BDS va NFC texnologiyalari tatbiq etilgan. Undagi Samsung Pay va Android Pay to‘lov tizimlari orqali onlayn pul to‘lovlarini amalga oshirish mumkin. Galaxy S7 edge’dagi yurak urishini monitoring qiluvchi SpO2 sensori hatto qondagi kislorod miqdorini ham aniqlay oladi.

S Health ilovasi esa jismoniy harakatingizni, ovqat kaloriyasi va faollikni qayd etib, tavsiyalar berib boradi.

“Multi-task” funksiyasi yordamida ekranda 2 ta  ilovadan bir vaqtning o‘zida foydalanish mumkin. “Bir qo‘lda boshqarish” funksiyasi esa 5.5 dyuymli ekranni yagona kaftda boshqarishga yordam beradi. Bosh menyu (HOME) tugmasini 3 marta bossangiz, ekran hajmi 3 martaga qisqaradi va siz mini-fonni boshqarayotgandek bo‘lasiz.

Samsung Galaxy S7 edge: Narx-navo

2016 yilning 14 avgust holatida «Malika» savdo markazida Samsung Galaxy S7 edge’ning 32 GB talqini 3,289,000 so‘mdan sotilmoqda. Xalqaro Amazon onlayn do‘koni esa xuddi shu telefon apparati uchun 620 AQSh dollari so‘ramoqda.

Samsung Galaxy S7 edge: Xulosa

Bir muddat avval Strategy Analytics marketing va tadqiqotlar kompaniyasining tahlilchilari smartfon bozorini o‘rganib, 2016 yilning eng ommabop va bozorbop gadjetlari ro‘yxatini shakllantirgan edilar. Unga ko‘ra, Samsung Galaxy S7 Edge xalqaro smartfon bozorining eng ko‘p sotilgan mobil aloqa vositasi bo‘ldi. Mart oyidan boshlab, bir vaqtning o‘zida 60 ta xalqaro smartfon bozorida sotuvga chiqqan smartfon bozorida shu kunga qadar 13,3 mln dona sotilgan. Tahlilchilarning fikricha, telefon qayrilma ekran tufayli yaratilgan qulaylik va beqiyos dizayn sababli bu qadar ommalashgan.

Samsung Galaxy S7 edge’da aloqa sifati, platforma faoliyati, ovoz uzatish tizimi, dizayn va detallarning yig‘ilishida, kamera sifati va ekran namoyishi yuqori darajada.

IP68 sertifikatiga egaligi, akkumulyatorning keng sig‘imli ekani, tizimning barqaror va uzilishlarsiz ishlashi, Android operatsion tizimining boy talqini, dasturiy ta’minotlarga boyligi Samsung’ning haqiqiy mo‘’jizakor smartfonni taqdim etishiga xizmat qilgan.

Muhandislik nuqtai nazaridan ham bu qurilma chinakam mo‘’jaz texnologik shedevr asarning o‘zginasi – unda eng so‘nggi va kelajak texnologiyalari joriy qilingan.

Xulosa

Qaerdan sotib olish mumkin?

www.asaxiy.uz 4,032,000 сўм Sotib olish

 Afzalligi

 Kamchiligi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!