Galaxy S8’ga S7’ga nisbatan 5,5 barobar ko‘p buyurtma berildi

Galaxy S8’ga S7’ga nisbatan 5,5 barobar ko‘p buyurtma berildi

Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi o‘zining so‘nggi — Galaxy S8 hamda S8 Plus flagman smartfonlariga oldindan buyurtma olishni boshlaganidan 2 kun o‘tib 550 mingdan ziyod xaridorlar ushbu modelni sotib olish uchun avvaldan to‘lovni amalga oshirgan. Bu to‘g‘rida Koreya Respublikasining «Choson ilbo» (Chosunilbo) gazetasi xabar bermoqda.

Samsung 7 apreldan boshlab Galaxy S8’ga avvaldan buyurtma olishni boshlagan. Qayd etilishicha, 2 kun ichida yangi modelga berilgan buyurtma miqdorini Galaxy S7’ning natijasi bilan taqqoslab ko‘rilsa, Galaxy S8’ga 5,5 barobar ko‘proq buyurtma berilgan.

Kompaniyaning ma’lum qilishcha, buyurtma berganlar 18 apreldan, ya’ni Galaxy S8 do‘konlarga rasman sotuvga chiqishidan avval uni qo‘llariga oladilar. Ularga smartfon bilan birga, Gear 360, virtual voqelik shlemi va boshqa elektron qurilmalar ham sovg‘a sifatida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 29 mart kuni Samsung taqdim qilgan S8 – muvaffaqiyatsiz Note 7 flagmanidan so‘ng taqdim qilgan yangi smartfoni romsiz displey va tugmadan xoli old paneli bilan diqqatga sazovor. Shuningdek, uni dok-stansiya yordamida personal kompyuterga aylantirish mumkin. Galaxy S8 hamda S8 Plus smartfonlari 21 apreldan boshlab xalqaro bozorga 950 hamda 1050 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.