Galaxy S8 smartfoni S7 rekordini yangiladi

Galaxy S8 smartfoni S7 rekordini yangiladi

30 martdan boshlab Samsung yangi flagmanlari uchun oldindan buyurtma ola boshladi. Galaxy S8 va Galaxy S8 + flagmanlarini avvaldan buyurtma qilishning ilk kunidayoq gadjetlar “ajdodlari” o‘rnatgan natijani yangiladi. Bu to‘g‘rida Samsung Electronics’ning mobil vositalari bo‘yicha biznesi rahbari Don Djin Ko ma’lum qilgan.

Samsung’ning tahliliga ko‘ra, buyurtmalar shu taxlit davom etsa, S7’dan 100 dollarga qimmat narxda sotuvgan chiqarilgan Galaxy S8’ga oldindan berilgan buyurtmalar miqdori 2016 yilning omadsiz flagmani Galaxy Note7’ning rekordini ham yangilaydi. Avvalgi yili 13 kun ichida 400,000 dona Note7’ga avvaldan buyurtma berilgan.

Samsung kompaniyasi Galaxy S8’ga avvaldan, ya’ni 20 aprelga qadar smartfonlarga buyurtma berganlarga chegirma joriy qilgan va sovg‘a sifatida $99 turadigan Gear VR virtual voqelik shlemi va uning $130 dollar turadigan pultini, $150 turadigan AKG brendidagi maxsus audio-quloqchin, $250 dollarlik 256 GB sig‘imli microSD xotira fleshkasini, jami $530 dollarlik sovg‘alar beradi.

Hozircha AQSh, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Kanada, Braziliya, Meksika, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Hindiston, Avstraliyadagi dilerlar Galaxy S8 uchun oldindan buyurtma olishmoqda. Shuningdek, Amazon internet do‘koniga ham 28 apreldan boshlab yetkazib berish narxlari bilan birga Galaxy S8’ga $999.99, S8 Plus’ga $1,299.99 dollar evaziga buyurtma berish mumkin.