Galaxy S9 benchmark-testida to‘plagan ball shubha uyg‘otmoqda

Galaxy S9 benchmark-testida to‘plagan ball shubha uyg‘otmoqda

Samsung Galaxy S9 hamda Samsung Galaxy S9+ nomli qo‘shaloq flagmanlarning ishlab chiqarilishiga oid ma’lumotlar oqimi so‘nggi kunlarda tezlashib ketdi. Bu bekor emas, albatta. Samsung shu orqali xaridorlar va muxlislarining diqqatini ayni kunlarda tillarga tushgan iPhone X flagmanidan chalg‘itmoqchi.

Janubiy koreyalik ishlab chiqaruvchi yangi flagmanlarini 2018 yilning martida taqdim qiladi. Biroq, flagmanlarning deyarli tayyor ekani va yangi yil boshidan sotuvga chiqishi to‘g‘risida ham ma’lumotlar bor.

Galaxy S9 hamda S9+ modellarining ayrim xususiyatlari ham ma’lum:

  • Displey: 5,8 va 6,2 dyuym;
  • Protsessor: Snapdragon 845;
  • Kamera: 16 megapikselli qo‘shaloq asosiy kamera hamda 12 megapikselli qo‘shaloq old kamera;
  • O‘lchamlar: 144,1 x 68,1 x 8 mm / 155,2 x 73,4 x 8,1 mm.

O‘qingSamsung Galaxy S9 va S9+ suratlari tarqaldi

Samsung Galaxy S9'ga oid bugun tarqalgan xabarda flagmanning samaradorlik bo‘yicha benchmark-testida topshirgan imtihoni natijalari e’lon qilingan. Phone Arena nashrining yozishicha, natijalar shubhali.

Yangi modellar Geekbench platformasida "SM-G960" va "SM-G965" raqamlari ostida samaradorlik bo‘yicha imtihon topshirib ko‘rishdi. Unga ko‘ra, Samsung'ning yangi flagmanlariga Exynos 9810 chipseti o‘rnatiladi. Ulardan biri 4 gigabaytli tezkor xotiraga ega bo‘ladi. Har ikkala model Android 8.0 Oreo operatsion tizimi boshqaruvida faoliyat ko‘rasatadi.

Benchmark-testi natijalari aks etgan skrinshotda sinov uchun tayyorlangan model 1 yadroli ishlashda 1191 ball, ko‘p yadroli ishlashda 3835 ball to‘plagan. Aynan ana shu natija ekspertlarda shubha tug‘dirmoqda. Boisi, 2017 yil flagmani bo‘lgan Samsung Galaxy S8 sinov imtihonida 2059 va 6461 ochkolar to‘plagan edi. Exynos 9810 chipi ilg‘orroq ekani hisobga olinsa, Galaxy S9'ning natijasi yuqoriroq bo‘lishi kerak edi.