Galaxy S9 hamda S9+’ning barcha tafsilotlari, yangi suratlari va videosi bittada!

  •   DiMaX
  •  2838
  •  20.02.2018 09:34

Galaxy S9 hamda S9+’ning barcha tafsilotlari, yangi suratlari va videosi bittada!

Samsung kompaniyasining bu yil taqdim etadigan Galaxy S9 va Galaxy S9+ flagmanlari haqida har xil ma’lumotlar, ularning suratlari tarqalishda davom etayotir. WinFuture sayti esa ularning barcha xususiyatlari haqidagi axborotlarni jamlab, ayrim yangi rasmlar va videosi bilan birga taqdim etgan.

O‘QING: Samsung Galaxy S9'ning rasmiy reklama roliklari e’lon qilindi

DIZAYN

Galaxy S9 va S9+ ham xuddi o‘tgan yilgi Galaxy S8 hamda S8+ modellari dizaynida ishlangan. Faqat Galaxy S9+ talqinida kamera qo‘shaloq ob’yektivli, barmoq izi skaneri esa har ikki smartfonda ham kameradan o‘ng tomonda emas, balki uning ostida joylashgan.

KAMERALAR

Galaxy S9 asosiy kamerasi 12 megapikselli yakka modulga ega; Galaxy S9 modelining bosh kamerasi esa 12 megapikselli ikkita sensorni o‘z ichiga olgan. Har ikkala smartfon SlowMo rejimida, soniyasiga 960 kadr tezligida videoga olish qobiliyatiga ega. Shuningdek, ular kamerasi f/1.5 va f/2.4 aperturali rejimlarga almashib ishlay oladi. Bulardan birinchisi yaxshi yoritilmagan sharoitlarda sifatli suratlar olishda, ikkinchisi esa yorqin quyosh nurlari ostida ajoyib rasmlar tushirishga imkon beradi. Kameralar tasvirni raqamli barqarorlashtirish hamda lazerli avtofokus tizimlari bilan ta’minlangan.

Old kameralar esa har ikkala modelda 8 megapikselli, f/1.7 aperturali modulga hamda o‘zining avtomatik fokuslashtirish tizimiga ega.

O‘QING: Samsung Galaxy S9'ning rasmiy reklama roliklari e’lon qilindi

OVOZ

Samsung flagmanlari ilk bor stereodinamiklar bilan jihozlanmoqda, tag‘in ularning ovozi AKG brendi mutaxassislari tomonidan sozlangan. Akustik tizimning o‘ziga xos tuzilmasi ovozning «hajmli» chiqishini ta’minlaydi. Shuningdek, simli quloqchinlar va kolonkalarni ulash uchun an’anaviy 3,5 millimetrlik tirqish ham olib tashlanmasligi to‘qqizinchi avlod Galaxy flagmanlarining yana bir ustunligidir.

EKRAN

Yangi smartfonlarga yaxshilangan AMOLED-matritsalar qo‘yilmoqda, ammo ularning o‘lchamlari va tasvir aniqligi o‘tgan yilgi darajada saqlangan. Galaxy S9 displeyi diagonali 5,8 dyuymni, Galaxy S9+ ekrani diagonali esa 6,2 dyuymni tashkil etadi. Har ikkala modelda tasvir aniqligi 2960×1440 pikselga teng.

BIOMETRIYa

Samsung kompaniyasining yangi avlod flagmanlarini barmoq izi skaneri orqali hamda ko‘z yoy pardasi skanerini ham o‘z ichiga old kamera yordamida blokdan chiqarish mumkin. Galaxy S9 hamda S9+ modellarida xuddi iPhone X’dagi kabi qiyofani tanish tizimi ham joriy etilishi mumkin. Tizer roliklarida Samsung kompaniyasi animatsiyali emodzilarni ham ko‘rsatmoqda – ular foydalanuvchining yuz ifodasiga qarab o‘zgaradi.

O‘QING: Galaxy S9 yuzni tanish texnologiyasi – Intelligent Scan bilan tanishing! (video)

PROTsESSOR

AQSh bozoriga mo‘ljallangan Galaxy S9 va S9+ versiyalariga Qualcomm kompaniyasining so‘nggi avlod – Snapdragon 845 protsessori joylanadi. Boshqa mamlakatlar bozorlariga esa Exynos 9810 chipi qo‘yilgan flagmanlar yetkazib beriladi. Samsung mahsuloti bo‘lmish ushbu protsessor 10 nanometrlik texnik jarayon asosida tayyorlangan bo‘lib, 2,9 GGs takt chastotasida ishlovchi to‘rtta yadro hamda 1,9 GGs chastotali to‘rtta yadroni o‘z ichiga oladi.

O‘QING: Snapdragon 845'ga ega Galaxy S9 Plus AnTuTu'da imtihon topshirdi

XOTIRA

Galaxy S9 modeli 4 gigabaytlik, Galaxy S9+ esa – 6 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Har ikkala model ham kamida 64 gigabaytlik doimiy xotira bilan ta’minlangan bo‘lib, yana MicroSD formatli karta yordamida ularning xotirasini kengaytirish mumkin.

AKKUMULYaTOR

Samsung navbatdagi flagmanlari akkumulyatorlarini o‘tgan yilgisidagi hajmi kabi qoldirgan. Galaxy S9 akkumulyatori 3000 mA/soat, S9+ batareyasi esa 3500 mA/soat sig‘imga ega. Shuningdek, tezkor va simsiz quvvatlash texnologiyalari ham saqlanib qolgan.

KORPUS

Galaxy S9 va Galaxy S9+ smartfonlari shisha korpusga ega bo‘lib, qora, ko‘k, binafsharang yoki kulrang tuslarda taqdim etiladi. Shuningdek, cheklangan miqdorlarda boshqa ranglardagi modifikatsiyalar ham bozorga chiqarilishi mumkin.

Smartfonlar IP68 standartiga ko‘ra suv va changdan himoyalangan. Ular bir yarim metrgacha chuqurlikdagi quv ostida yarim soatgacha qolib ketsa ham shikast yetmaydi.

OPERATsION TIZIM

Samsung’ning to‘qqizinchi avlod flagmanlari Android 8.0 operatsion tizim talqini bazasida o‘zi tayyorlagan Experience 9.0 grafik qobig‘ida ishlaydi. Ularda janubiy koreyalik texnogigantning bir qancha o‘z ilovalari ham boshidanoq o‘rnatilgan.

TAQDIMOT VA SAVDOGA ChIQARILISh VAQTI

Samsung yangi flagmanlarini MWC 2018 ko‘rgazmasi arafasida – 25 fevralda namoyish etadi. Savdoga esa Galaxy S9 va Galaxy S9+ modellari 8 martdan chiqariladi. Gap-so‘zlarga qaraganda, savdoning boshlanishi paytida bu smartfonlar o‘tgan yilgi Galaxy S8 hamda S8+ modellariga nisbatan taxminan 15 foizga qimmat bo‘lishi mumkin.

O‘QING: Samsung Galaxy S9 va S9+ narxlari «chaqib oladigan» bo‘ladi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.