Galaxy S9 Plus'dagi texnologik innovatsiya sanoatda yangilik bo‘ladi

Galaxy S9 Plus'dagi texnologik innovatsiya sanoatda yangilik bo‘ladi

Bugungi xaridor va ishqibozlarni hayratda qoldirish smartfon ishlab chiqaruvchilari uchun tobora qiyin vazifaga aylanib bormoqda. Shu sababli ham kompaniyalar yangi smartfonlarida millionlab insonlar diqqatini tortadigan nostandart yechim va takliflarni olg‘a surishga majbur bo‘lishmoqda. Kechagina Samsung Galaxy S9+ devaysining xotira sig‘imlariga oid tarqalgan ma’lumotlar barchaning e’tiborini qozondi. Unga ko‘ra, gadjetning xotirasi iPhone X'ning eng yuqori modifikatsiyasidagi xotiradan ham yirik bo‘ladi.

Xitoyning Weibo tarmog‘ida ma’lum qilingan yangi tafsilotga ko‘ra, Samsung kompaniyasi Galaxy S9 smartfonini 4/64 GB va 4/128 GB talqinda, shuningdek Galaxy S9+ modelini 6/64 GB, 6/128 GB hamda 6/256 GB xotira sig‘imlarida ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, manbaning ma’lum qilishicha, savdoga smartfonning eksklyuziv versiyasi ham chiqariladi. Uning tezkor xotirasi 6 GB, doimiy xotirasi 512 GB sig‘imli bo‘ladi. Bungacha jahondagi biror ommabop smartfon modelida bunday texnologik jihat ilgari surilmagan.

Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9 Plus'ning maxsus talqinlari ayrim davlatlarda sotiladi. Sababi, bu devaysning eng arzon talqini jahon smartfon bozorida o‘rtacha 870 AQSh dollaridan, qimmat talqinlari, ya’ni 256 GB va 512 GB xotirali versiyalari 1400 AQSh dollaridan sotuvga chiqariladi.

Ma’lum qilinishicha, Samsung Galaxy S9+ modelining 512 gigabaytli versiyasi Osiyoning ba’zi davlatlarida, jumladan Xitoyda ham sotiladi. Samsung Galaxy S9 hamda Galaxy S9 Plus o‘zidagi 8 yadroli Exynos 9810 protsessori bilan ajralib turadi. Uning chastota tezligi 2,9 GGs.ga yetadi. Shuningdek, smartfonlar romdan xoli Super AMOLED-ekrani, Face ID yuz-qiyofa sensori, takomillashgan Bixby ovozli yordamchisi bilan ajralib turadi.

Galaxy S9 va Galaxy S9+ gadjetlarining taqdimoti 2018 yilning fevral oyi yakunida kutilmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!