Galaxy S9 Samsung'ni xatosi bo‘lishi mumkin

Galaxy S9 Samsung'ni xatosi bo‘lishi mumkin

AQSh dan tashqari jahonning barcha davlatlaridagi smartfon bozorida jadal o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. Amerikaliklarni hozircha ayfon smartfon modeliga sodiqlik kayfiyatidan chalg‘itish oson ish emas. Xitoylik smartfon ishlab chiqaruvchilari, jumladan Xiaomi, Huawei, Oppo hamda Vivo brendlari Janubiy Koreya, Yaponiya, Yevropa va boshqa hududlardagi ishlab chiqaruvchilarni bozorlardan siqib chiqarishmoqda. Hatto Samsung ham bu raqobatga dosh bera olmayapti. Ekspertlarning fikricha, bu yildan kompaniyaning smartfon sanoatidagi imkoniyatlari yanada qisqardi. Boisi, kompaniya smartfon ishlab chiqarish siyosatiga bir oz o‘zgartirish kiritdi.

Shu yilning fevralida o‘tkazilgan MWC 2018 anjumanida Samsung rasman bundan keyin kompaniya mobil aloqa qurilmalarida yangi texnologiya va muhandislik yechimlarini birinchi bo‘lib tatbiq qilmasligini e’lon qildi. Ya’ni, endi kompaniya smartfonlarida sinovdan o‘tgan va sifatli ishlaydigan texnologiyalarni joriy qiladi.

Esingizda bo‘lsa, qiyofani tanish texnologiyasini birinchi bo‘lib Samsung ilgari surgan bo‘lsa ham, Apple uni maromiga yetkazgan kompaniya sifatida tan olindi.

Janubiy koreyalik kompaniya endi mobil mahsulotlarining sifati uchun kurashadi. Yangi texnologiyalar soni esa qisqaradi va tavakkalchilikka yo‘l qo‘yilmaydi.

Samsung kompaniyasining fikricha, Galaxy S9 smartfoni va uning yuqori talqinida asosiy e’tibor sifatga qaratilgan. Kompaniya shu vaqtgacha yangi texnologiyalar ortidan quvib bu tamoyilni esdan chiqarib qo‘ygan. Endi esa ishlab chiqaruvchi o‘z ishqibozlariga sifatli mahsulot yetkazib beradi.

Kompaniya rahbariyatining ma’lum qilishicha, kompaniya aynan shu siyosat bois ham bu yil yangi flagmanlarining ekranida virtual skanerni joriy qilmadi.

Buning o‘rniga Samsung kompaniyasi e’tiborini o‘tgan yilgi Galaxy S8 flagmaniga qaratdi va uning kamchiliklarini tuzatishga, takomillashtirishga harakat qildi. Shunday bo‘lsa ham, bu yilgi flagmanlarga bo‘lgan ehtiyoj S8 modeliga qaraganda 40 foizga kamroq.

Buning bosh sababi esa smartfon narx-navosi. Aftidan, Samsung kompaniyasi rahbariyati "sifatli mol qimmat bo‘lishi kerak" degan qarashdan voz kechmagan ko‘rinadi. Shu bois ham, xalqaro bozorda Galaxy S9 modeli 1050 AQSh dollari, Galaxy S9+ esa 1177 AQSh dollaridan boshlab sotilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, Galaxy S9 boshiga ham iPhone X kuni kelishi, kompaniya narx siyosatini o‘zgartimasa attang qilib qolishi mumkinligini aytishmoqda. Boisi, tez orada uning raqiblari xuddi shu imkoniyatli smartfonlarni ancha arzon narxga sotuvga chiqaradilar.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.