Galaxy S9 savdosi — bundan battari bo‘lmaydi!

Galaxy S9 savdosi — bundan battari bo‘lmaydi!

Samsung Galaxy S9 taqdim qilingach, jamoatchilik uni avvalgi model kabi katta quvonch bilan qarshi olmadi. Avvaldan buyurtma olish jarayonida ham bu haqiqat namoyon bo‘lgan edi. 2018 yilning birinchi choragidagi natijalar juda past bo‘ldi, ikkinchi chorak esa undan ham pastroq ekani yaqinda ma’lum bo‘ldi. Bu to‘g‘rida Koreya Respublikasining The Bell internet nashri xabar bergan.

Nashr tomonidan kompaniyaga asoslanib e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung Galaxy S9 — kompaniyaning ikkinchi chorakdagi savdo ko‘rsatkichlari avvalgi chorakdagi natijalardan past bo‘lgan ilk flagmanidir. Bunday savdo natijalari shu kungacha texnologik gigant tarixida hech kuzatilmagan edi.

Samsung Galaxy S9 savdosi 2018 yilning 16 martida boshlangan edi. Ilk hisobot davri yakuni, ya’ni ikki hafta ichida brend muxlislari 10,2 million dona flagman smartfon xarid qilishgan. Bu shunday qisqa vaqt uchun juda katta natija bo‘lgan.

Biroq, undan keyingi uch oyda sayyoramiz bo‘ylab bor-yo‘g‘i 9 million dona Samsung Galaxy S9 sotilgan. "Galaxy S" modeli tarixida hali bunday past natija kuzatilmagan edi. Taqqoslash uchun aytamiz, savdoga chiqqach, birinchi chorakda Galaxy S8 smartfonidan 2,5 mln dona sotilgan bo‘lsa, ikkinchi chorakda bu smartfon 18,7 mln dona sotilgan. Galaxy S7 esa ilk chorakda 10,3 mln dona, ikkinchi chorakda 15,6 mln dona sotilgan. Galaxy S6 natijalari ham yomon emas — savdoning ilk choragida 3,6 mln, keyingi chorakda 19,9 mln dona sotilgan.

Savdoning pastligi Galaxy S9 modelining Galaxy S8'ga o‘xshashligi bilan bog‘lanmoqda.

Ehtimol, joriy yilning 9 avgustida kutilayotgan Samsung Galaxy Note 9 fabletining taqdimoti vaziyatni o‘zgartirar hamda koreyalik ishlab chiqaruvchi smartfonlari savdosini yaxshilar. Biroq, aksariyat ekspertlarning fikricha, vaziyat o‘zgarishi uchun Samsung smartfonlar dizaynini yangilashi, yangi texnologiyalarni tatbiq qilishi lozim. Kompaniya shu yilning boshida endi gadjetlarida vaqt sinovidan o‘tgan texnologiyalarni joriy qilishi, yangi innovatsiyalarni smartfonlarda sinab ko‘rishga shoshmasligini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Galaxy S9 5,8 dyuymli, romdan xoli bo‘lgan Super AMOLED ekranlar yon tomonga qayrilgan dizaynda ishlab chiqarilgan va uning sig‘imi Quad HD+ (2960 × 1440 pikselli). Bu flagman ma’lumotlarni 10 nanometrli texnik jarayonda qayta ishlaydigan Qualcomm Snapdragon 845 chipida ishlaydigan jahondagi ilk smartfon bo‘lgani bilan ham o‘ziga xos.

O‘qing va narxi bilan tanishing: Galaxy S9/S9+ : superflagmanlarning siri! 

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!