GBoard klaviaturasining yangi versiyasi yanada qulay chiqdi

  •   DiMaX
  •  1633
  •  11.04.2017 12:29

GBoard klaviaturasining yangi versiyasi yanada qulay chiqdi

Google kompaniyasi yaqindagina GBoard klaviaturasi uchun navbatdagi yangilanishni chiqardi. Endi unda matn bilan ishlash yanada qulay bo‘ldi, yana tashqi ko‘rinishida ham o‘zgarishlar mavjud. Jumladan…

Jihozlar paneli sozlamalari

GBoard jihozlar panelida klaviaturaning qo‘shimcha funksiyalariga kirish tushmachasi mavjud. Bu funksiyalarga esa tarjima, animatsiyali rasmlar qo‘yish, ovozli matn terish va boshqalar kiradi. Endi mazkur panelning joylashuvini hamda undagi unsurlar tarkibini o‘z didingizga moslab sozlash imkoniyati ham paydo bo‘ldi.

Tahrirlash rejimiga o‘tish uchun uchta nuqtali tasvirchaga bosish kerak. E’tibor bering: sukut bo‘yicha bu funksiya o‘chiq holda bo‘ladi. Jihozlar panelini sozlash uchun avval mazkur imkoniyatni sozlamalardan faollashtirish lozim.

Matn bilan ishlash uchun qo‘shimcha jihozlar

Agarda siz ko‘pincha planshet yoki smartfoningizda matn teradigan bo‘lsangiz, unda klaviaturaning mazkur yangilanishi sizni juda xursand qilishi aniq. Nihoyat, GBoard’da kursorning joylashuvini boshqarish uchun qulay jihozlar, shuningdek, matnni belgilab olish, nusxalash va joylash uchun tegishli tugmachalar paydo bo‘ldi.

Mazkur unsurlarni chiqarish uchun siz sahifadagi biror matnni belgilab olishingiz, keyin esa jihozlar panelidagi – belgilab olish rejimidagi kursor tasvirlangan tugmachaga bosishingiz kerak bo‘ladi.

Klaviatura o‘lchamlarini o‘zgartirish

Yangilanishda klaviatura bilan bitta qo‘lda ishlash imkoniyatlari kengaytirildi. Endi klaviaturaning o‘zini ekran bo‘ylab bemalol istalgan joyga siljitib ko‘chirib qo‘yish hamda uning o‘lchamlarini o‘zgartirish mumkin. Bu degani – tugmachalarning joylashuvini shunday sozlashingiz mumkinki, natijada ularning barchasi kerakli barmog‘ingiz yetadigan hududda turadi!

Kichkina bo‘lsa-da, yoqimli o‘zgarishlardan yana biri – tugmachalar burchakchalari sal doirasimon shaklga o‘zgartirilgan. «Soya»lari bilan bu o‘zgarish tugmachalarga nisbatan qabariq ko‘rinish baxsh etgan.

Agarda siz beta-sinov dasturi ishtirokchisi bo‘lsangiz, GBoard’ning yangi versiyasini Google Play katalogidan ushbu havola orqali yuklab olishingiz mumkin. Bu versiyaning barcha foydalanuvchilar uchun taqdim etilishini esa sal kutishimizga to‘g‘ri keladi.