Google Android ilovalar narxini 17 mamlakatda arzonlashtirdi

Google Android ilovalar narxini 17 mamlakatda arzonlashtirdi

Endi Braziliya, Chili, Vengriya, Meksika, Rossiya, Turkiya, Ukraina va boshqa, jami 17 mamlakatda Android ilovalar narxi arzonlashtirildi. Bu to‘g‘rida Google kompaniyasi 17 noyabr kuni ma’lum qilgan.

Google kompaniyasi dunyo miqyosida pullik ilovalarning yuklab olinish sur’atiga oid o‘tkazgan tahlildan so‘ng shunday qarorga kelgan. 2015 yilning boshida Hindistonda tatbiq qilingan xuddi shunday sinov loyihasi muvaffaqiyat qozongan edi. Mazkur qaror ilova yaratuvchilariga bizneslarini rivojlantirishlari va foydalanuvchilari sonini oshirishlariga yordam berishi kutilmoqda.

Uzoq vaqtdan beri Google Play do‘konidagi pullik Android ilovalarning eng arzon narxi o‘rtacha 0,99 AQSh dollarini tashkil etib kelayotgan edi. Yangi preyskurant bo‘yicha narxlar ba’zi mamlakatlarda hatto 4 barobargacha arzonlashgan.

Misol uchun, Saudiya Arabistonidagi  foydalanuvchilar shu kungacha pullik ilovalar uchun o‘rta hisobda kamida 4,00 riyal, ya’ni 1.06 AQSh dollari to‘lab kelishgan bo‘lishsa, endi bu narx-navo 4 martaga arzonlashgan. Rossiya Federatsiyasida eng arzon pullik ilovalarni yuklab olish shu kungacha 30 rubl bo‘lgan bo‘lsa, endi ularni 15 rubldan yuklab olish imkoni paydo bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, Android platformasi foydalanuvchilariga yanada ko‘proq ilovalarni yuklab olish imkonini beradi.

Tahlillar Android ilovalar yuklab olinishi bo‘yicha jahonda yetakchi bo‘lsa ham, Apple iOS platformasi uchun ilova yaratuvchilar Android ilova yaratuvchilaridan ko‘proq daromad topishini ko‘rsatmoqda. Google’ning ilova yaratuvchilar manfaatlarini himoya qilayotgani eng yaxshi Android ilovalarning yaratilishiga, natijada esa ilovalar bozorining rivojlanishiga, kompaniyaning yanada yuqori daromad ko‘rishiga olib keladi.

Ammo jamoatchilik va mutaxassislar tomonidan 190 dan ziyod mamlakatda xaridorlariga ega kompaniyaning bor-yo‘g‘i 17 mamlakatda narxlarning arzonlashtirishi kichik bir samarasiz sa’y-harakat sifatida baholanmoqda.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!