Google Android N operatsion tizimining sinov talqinini ishga tushirdi

Google Android N operatsion tizimining sinov talqinini ishga tushirdi

Google kompaniyasi tomonidan har yilgi an’anaga ko‘ra o‘tkaziladigan Google I/O 2016 dasturchilar konferensiyasi joriy yilning 18 – 20 may kunlari Mauntin-Vyu (Kaliforniya)da bo‘lib o‘tmoqda. Bugun Android N operatsion tizimining sinov talqini keng foydalanuvchilar diqqatiga havola  qilinishi ushbu nufuzli anjumanning muhim voqeasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Android N operatsion tizimi dasturchilarning fikr-mulohazasini o‘rganish uchun avval mart va so‘ng aprel oyida e’lon qilingan edi.

Mazkur operatsion tizimning sinov talqinini Nexus 6, Nexus 9, Nexus 5X, Nexus 6P, Nexus Player, Pixel S, Android One smartfonlari foydalanuvchilari quyidagi manzildan yuklab olishlari mumkin.

Android N tizimida 250 ta o‘zgartirish va yangi imkoniyatlar joriy qilingan. Jumladan, Multi-window – displeyni bir nechta zarur ilova hamda vazifalarga bo‘lish mumkin bo‘lgan rejim, virtual voqelik texnologiyasi uchun VR-rejimi, Vulkan 3D-renderingi uchun yangi API.

Innovatsion tizim endi ilova hamda dasturlarni yuklash va o‘rnatishni 75%ga tezroq amalga oshiradi, o‘zining keyingi talqinlarini avtomat ravishda yangilaydi.

Android N to‘liq talqinda 2016 yilning yozida ishga tushiriladi. Hozircha unga nom berishda Google yakuniy qarorga kelgan emas. Google bu masalada foydalanuvchilardan yordam so‘ramoqda.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.